14 Yanvar 2025 yil 1061

Jizzax viloyati IIB boshlig`i, general-mayor G`.T.Qodirovning O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli faxriylar, harbiy xizmatchilar, qadrli hamkasblar, xizmat burchini bajarish chog`ida halok bo`lgan xodimlarning oila a’zolari!

Barchangizni O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman. Hech kimga sir emaski, Vatanning tinchligi va osoyishtaligini himoyalash asl farzandlar ishi, taqdiridir. Bu kasb egalari tufayli hayotimiz osuda, turmushimiz farovon, iqtisodiyotimiz izchil taraqqiy etayapti, O`zbekiston nomi jahon uzra baralla yangramoqda.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ta’biri bilan aytganda: “Bugungi kunda Yangi O`zbekistonni barpo etish yo`lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz va ularning saflarida o`z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-minglab harbiylarimizning munosib hissasi bor, desak, ayni haqiqatni aytgan bo`lamiz”.

Shu ma’noda, mamlakatimiz istiqlolga erishgan ilk kunlardanoq Milliy Armiyamizni har jihatdan kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Keyingi yillarda bu jarayon yanada kengroq ko`lam kasb etgani ham bor gap. Zero bugungi geosiyosiy manfaatlar to`qnashuvi haddan ziyod kuchaygan davrda har bir mamlakatning mudofaa qudrati mustaqillik va tinchlikning birinchi darajali shartiga aylandi.

Yana shunisi aniqki, zamonaviy texnika, qurol va aslahalar bilan ta’minlash hamda askar va ofiserlarning intellektual va jangovar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ko`lamli chora-tadbirlar natijasi o`laroq Vatanimiz suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir qo`shinlarga ega bo`ldik. Binobarin, yaqinda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan xabarlarda O`zbekiston Qurolli Kuchlari dunyo armiyalari reytingida bir yil ichida 7 pog`ona yuqorilab, 145 mamlakat orasida 58- o`rinni egallagani e’tirof etildi. 

Kezi kelganda aytish kerak, asosiy faoliyati xalq osoyishtaligini ta’minlash va jinoyatchilikni jilovlash bo`lgan ichki ishlar organlari Vatan himoyasida Milliy Armiyamizga hamisha elkadosh bo`lgan. Chunonchi, eng murakkab vaziyatlarda chegaralarni qo`riqlash hamda yurtimiz sarhadlarini buzib o`tishga uringan jinoiy to`dalarga qarshi kurashishda soha vakillari fidoyilik namunalarini ko`rsata oldilar. Shu ma’noda, har yili Vatan himoyachilari kunida Prezidentimiz farmoni asosida ko`plab ichki ishlar organlari xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Qadrli do`stlar!

Mana shunday qutlug` ayyomda barchangizni xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo`lida mardlarcha halok bo`lgan fidoyi xodimlarimizni yodga olishga undayman. Ularni hech qachon unutmaymiz, yaqinlari esa hamisha e’tiborimizda bo`ladi.

Aziz hamkasblar, hurmatli faxriylar!

Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlab, mustahkam sog`liq, oilaviy baxt, olijanob va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Text to speech