Umidni uzmang...
Bu voqea 2008 yilda yuz bergan. O’g’lim Javohir 7 yoshida cho’milishga borib, “Ko’zim og’riyapti”, deya qaytdi. Ko’zini tinmay qo’li bilan ishqar, azobdan yig’lardi. Keyin qaroqlari yiringlab, isitmasi ko’tarildi. Jizzax shahridagi ko’z kasalliklari shifoxonasiga olib bordik, ammo bu yerda o’g’limga yordam qila olishmadi.
Keyin Toshkent shahridagi shifokorlarga ko’rsatdik. Ko’ziga infeksiya tushgan ekan. Ikki marta operatsiya qilishdi, bolam rosa azoblandi. So’ng ko’z olmasini olib tashlashni taklif qilishdi. Qisqasi, davolay olishmagach, xususiy klinikaga borishni maslahat berdilar. Aytilgan joyga bordik, shifokorlar jarrohlik amaliyoti o’tkazish uchun 60 million so’m so’rashdi. Bu ham yetmaganidek operatsiyaning yaxshi chiqishiga 30 foiz kafolat berishdi.
Qo’l kaltalik qursin, buncha pulimiz yo’q edi. Javohirim qiynalganligini ko’rib, yuragim ezilardi. Ko’p o’tmay uning bir ko’zini qip-qizil go’sht qopladi. Bolam nafaqat og’riqlardan, balki ko’rinishi sabab ezilardi. Ana shu nuqsoni bois odamlardan qochar, hech qayerga bormasdi.
Yоrdam so’ramagan joyim qolmadi, imkoniyatim yo’qligidan, hayotning shafqatsizligidan yuragim yonardi. Bolam ulg’aydi. Jizzax shahridagi tibbiyot texnikumiga o’qishga kirdi. YUrtimizda Prezident o’zgargach, juda ko’p narsa yangilandi. Xayolimda endi bolam tuzalib ketadigandek edi. Ana shunday kunlardan birida mahallamizda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i sayyor qabul o’tkazganligi va juda ko’p masalalar hal bo’lganligini eshitdim.
Shu bois u kishining shaxsiy qabuliga bordim. Bolamning ahvolini tushuntirdim. G’ayrat Qodirov: “Umidni uzmang, hozir zamonaviy uskunalar ko’payib ketgan, shifo topib ketar, yordam beramiz, aniq tashxis qo’ydirib, xarajati qancha bo’lishini bilib keling”, dedi. Ana shu gapdan ko’p o’tmay mahallamizda aholi tibbiy ko’rikdan o’tkazildi. Mening o’g’limni ham tekshirib, viloyat ko’z kasalliklari shifoxonasiga order berishdi.
U yerda bolamni poytaxtga olib borishni tavsiya qildilar. Xullas, poytaxtdagi xususiy klinikaga olib bordik. U yerda Dilshod Kamolovich ismli shifokor o’g’limni tekshiruvdan o’tkazib, bolamning ko’rish qobiliyati tiklanmasligi, infeksiya uning qaroqlaridagi tomirlarni yeb bitirganligini, lekin bosgan etni olib tashlab, ko’zlarini odatiy ko’rinishga keltirish mumkinligini aytdi. Operatsiya uchun 13 million so’m kerak bo’lar ekan.
Men viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ini qayta bezovta qilishga botina olmadim. Boshqa yo’li chiqib qolar, degan umidda yana bir necha tashkilotga bordim. Noto’g’ri qilgan ekanman.
Bir kuni mahalladoshim eshigimni taqillatib qoldi. General Qodirov shaharchamizga kelib, fuqarolar bilan muloqot o’tkazayotganligi, meni so’rayotganlini bildirdi. Bordim, u kishi nima uchun qabuliga bormaganligim sababi bilan qiziqib, o’g’limning ahvolini so’radi. Esidan chiqarib yubormagan ekan. Vaziyatimni bayon qildim...
Oradan bir necha kun o’tdi, ayni hayit arafasi edi. Darvozam yana taqilladi, chiqsam, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i turibdi, yonida bir necha hamkasblari. O’g’lim uyda edi, u bilan suhbatlashdi, salomatlik tiladi, keyin qo’limga 13 million so’m tutqazdi. Ko’zlarimni duv yosh to’ldirdi.
Operatsiya yaxshi o’tdi. O’g’lim juda ham ko’rkam yigit, ko’zidagi kamchilikkina chiroyiga soya solib turardi. Endi uning hayoti o’zgarib ketdi, tortinishlari yo’qoldi, xursand. Men esa namozlarimda G’ayrat Qodirovga yaxshiliklar tilayman. Elimizda shunday rahbarlar ko’payaversin. U kishidan Alloh rozi bo’lsin.
Buvsara ABDUG’AFFOROVA,
Jizzax viloyati Zafarobod tumani
Pistalikent shaharcha fuqarolar yig’ini.