O’rganish natijalari muhokamada
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari vakillari tomonidan shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlarining joriy yil yanvar’-fevral’ oylaridagi faoliyati o’rganib chiqildi. Ayni kunlarda ana shu o’rganish natijalari muhokama qilinmoqda. Mavzuni Paxtakor va Zarbdor tumanlari ichki ishlar bo’limlari shaxsiy tarkibi ishtirokida bo’lib o’tgan yig’ilishlar tafsilotlari bilan davom ettiramiz.
Paxtakor tumanida bo’lib o’tgan yig’ilishni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov boshqarib bordi. Tadbirda boshqarma sohaviy xizmatlari rahbarlari va o’rinbosarlari tomonidan tezkor-qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya xizmati, yo’l harakati xavfsizligi, jamoat xavfsizligini ta’minlash, tergov, huquqiy-statistika va tezkor-hisob ma’lumotlar yo’nalishlarida aniqlangan kamchiliklar sanab o’tildi.
Xususan, o’tmish jinoyatlarini fosh etish, ochilmay qolayotgan jinoyatlar, qidiruvdagi shaxslarni qo’lga olish, odam savdosi qurbonlari hamda tazyiq va zo’ravonlik ostida qolgan xotin-qizlarni aniqlash, profilaktik hisobda turganlar, probatsiya xizmati nazorati ostida bo’lgan shaxslar, giyohvandlar, ichkilikbozlar, oilaviy janjalkashlar, yo’l harakati qoidalarini buzuvchilar bilan ishlashda yo’l qo’yilgan nuqsonlar tahlil etildi. SHuningdek, ish hujjatlarini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash, tashabbus bilan jinoyatlar ochish borasidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ayni mazmundagi yig’ilish Zabdor tumani ichki ishlar bo’limi shaxsiy tarkibi ishtirokida bo’lib o’tdi. Ushbu tadbir avvalida viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ijro intizomini ta’minlash, hujjatlarni yuritish, “qizil” hududlarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash, shaxsiy tarkibning intellektual, jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish masalalariga to’xtaldi. SHundan so’ng sohaviy xizmatlar tomonidan yo’l qo’yilgan kamchiliklar ko’rib chiqildi.
Endi har ikkala yig’ilishning umumiy jihatlariga to’xtalib o’tsak: tadbirlar tanqidiy ruhda o’tdi. Muammolar va nusonlarning sabab va omillari tahlil etilib, qoniqarsiz faoliyat yuritayotganlar qat’iy ogohlantirildi. Aniqlangan kamchiliklarni yilning birinchi choragi yakuniga qadar to’liq bartaraf etish topshirig’i berildi. Xizmat intizomi va qonuniylik, ishga mas’uliyat bilan yondashish, bilim va malakalarni oshirishga oid chora-tadbirlar belgilab olindi. Asosiy e’tibor esa huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatlarni fosh qilishga qaratildi.