Urush faxriysi yo’qlandi
Mamlakatimizda 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli tadbirlar uyushtirilayapti. Faxriylar holidan xabar olinib, o’tganlar yod etilmoqda. Zomin tumani Obihyot qishloq fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Emin Yarlaqabov xonadoni ham har qachongidan gavjum.
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov jamoatchilik vakillari, harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari bilan birga 98 yoshli urush faxriysi xonadoniga tashrif buyurdi. Mazkur jarayonda boshqarma boshlig’i Emin otaga Prezidentimizning qutlug’ ayyom munosabati bilan yo’llagan bayram tabrigini o’qib eshittirdi va mamlakatimiz rahbarining sovg’alari hamda 18 million so’m pul mukofotini topshirdi.
Darhaqiqat, qirg’inbarot urushdan so’ng ona tuprog’iga qaytgan Emin ota tumandagi Paxtaobod, Narimonov hamda Zomin xo’jaliklarida tabelchi, ombor mudiri vazifalarda mehnat qildi. Turmush o’rtog’i Iqlimoy ona bilan 8 farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi.
Tadbir davomida bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, hech qachon urush bo’lmasligi uchun duo qilindi. Harbiy orkestr tomonidan kuylar ijro etildi.
Haqiqatan bugun ajdodlarni, ularning yurt tinchligi va obodligi yo’lida qilgan xayrli amallarini yod etmoq, keksalarni, faxriylarni ardoqlash, ko’makka muhtojlarga yordam ko’rsatish tom ma’noda milliy qadriyatimizga aylandi. Zero, inson – hayot gultoji, uning qadri, hurmati e’zozga loyiq.