Huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan targ’ibot tadbirlari o’tkazilmoqda
Jizzax shahrida o’quvchilarning qishki ta’til kunlari maroqli o’tishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. SHu maqsadda qator tadbirlar uyushtirilayapti. Xususan, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko’rsatish markazi, shahar ichki ishlar boshqarmasi va shahar xalq ta’limi bo’limi hamkorligida sport musobaqalari, kitobxonlik bellashuvlari tashkil qilinayapti. 29- sonli o’rta umumta’lim maktabida o’tgan ana shunday tadbirlarga yuzga yaqin voyaga yetmaganlar qamrab olindi. Ishtirokchilar sportning futbol, shaxmat va shashka turlari bo’yicha bellashib, kitobxonlik hamda zakovat o’yinlarida bilimlarini namoyon etishdi.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo’lgan huquqbuzarliklarning oldini olish choralari ham ko’rilayapti. CHunonchi, voyaga yetmaganlar masalalari bo’yicha inspektor-psixologlar tomonidan aholi gavjum joylar, istirohat bog’lari, xiyobonlar hamda bozorlarda reydlar uyushtirilmoqda. SHuningdek, ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan o’rta umumta’lim maktablari o’quvchilarining yashash uylariga borilib, ota-onalari bilan suhbatlashildi. O’smirning qiziqishlari asosida ularni fan va sport to’garaklariga jalb etish bo’yicha ko’rsatmalar berildi.
Tungi vaqtlarda esa komp’yuter o’yinlari maskanlari ko’zdan kechirilayotir. O’rganishlar davomida kafe, bar, tungi klub hamda komp’yuter markazlari rahbarlariga belgilangan vaqtdan keyin voyaga yetmaganlarni qo’ymaslik bo’yicha tushuntirishlar olib borildi. Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, bemaqsad yurgan voyaga yetmaganlar Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko’rsatish markaziga joylashtirilayapti.
Xullas, Jizzax shahrida voyaga yetmaganlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish orqali sodir etilishi mumkin bo’lgan qonunbuzarliklarning oldini olish, o’nayotgan avlodning ota-ona yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovisiz qoldirmaslik choralari ko’rilmoqda.