Huquqiy maslahatlar berildi
Do’stlik tumanining G’afur G’ulom mahalla fuqarolar yig’inida joylashgan musiqa va san’at maktabida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ishtirokida yig’ilish o’tkazildi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur yig’ilishda huquqiy va psixologik yordamga muhtoj 64 nafar xotin-qiz ishtirok etdi. Tadbir davomida ularga xalq ta’limi muassasalari psixologlari tomonidan ruhiy bosimlardan saqlanish yuzasidan tavsiyalar bilidirildi. Ichki ishlar organlari xodimlari esa huquqiy maslahatlar berishdi.
SHuningdek, yig’ilishda tuman mahalla va oila qo’llab-quvvatlash, adliya, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo’limlari, davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan Prezident farmonlari va hukumat qarorlarining ahamiyati xususida ma’lumot berildi.
Aholining ijtiomiy himoyaga muhtoj qatlami, xususan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “YOshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar to’g’risida ham so’z yuritildi.
Tadbir doirasida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi qoshida tashkil etilgan huquqiy va psixologik yordam ko’rsatish sayyor avtobusida mutaxassislar ayollar bilan yakka tartibda suhbat o’tkazib, psixologik ko’mak berdilar. SHuningdek, tug’ilganlik to’g’risida guvohnoma, fuqarolik aydi kartasi hamda uy-joy kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, sud-huquq sohasi bilan bog’liq muammolarini hal qilish choralari belgilandi.
Viloyatning boshqa hududlarida ham bu kabi muloqotlar tashkil etilmoqda. Mazkur yo’nalishdagi tadbirlar Ichki ishlar vaziri rahbarligida joriy yilning 17 avgust kuni vazirlik hay’at yig’ilishida berilgan topshiriqlar asosida o’tkazilmoqda.