1 Aprel 2022 yil 1022

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish kengashining yig’ilishi o’tkazildi

Jizzax viloyati prokuraturasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish kengashining navbatdagi yig’ilishi bo’lib o’tdi. Tadbirda joriy yilning birinchi choragida ichki ishlar hamda prokuratura organlariga qilingan murojaatlarning ko’rib chiqilishi muhokama etildi.

Viloyat ichki ishlar organlari, prokuratura va adliya boshqarmasining rahbar va mas’ullari ishtirokida o’tgan yig’ilishni viloyat prokurori Islomjon Ergashxodjayev boshqarib bordi. Muhokamada dastlab ichki ishlar organlariga qilingan murojaatlar yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlarga e’tibor qaratildi. 2022 yilning birinchi choragida 5 ming 315 ta xabar va arizalar kelib tushgan bo’lib, mazkur murojaatlarning 100 tasiga asosan jinoyat ishi qo’zg’atilgan. 1 ming 240 tasi bo’yicha ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari va hududiy bo’limlari tomonidan tekshiruv o’tkazilmoqda. 206 tasi tekshirish hujjatlariga, 55 tasi jinoyat ishlariga birlashtirilgan.      

Yig’ilishda prokuratura organlarining murojaatlar bilan ishlashga oid faoliyati ham tahlil etildi. Xuddi shunday, bu yo’nalishda nazoratni amalga oshirish masalasi ko’rib chiqildi. Mazkur jarayonda har ikkala tizim mas’ullari tomonidan bir qator kamchilik va nuqsonlarga yo’l qo’yilganligi bildirilib, ular tanqid ostiga olindi va qat’iy ogohlantirildi.

SHu maqsadda hamkorlikni kuchaytirish, ariza va shikoyatlarga oid huquqiy qarorlarni qabul qilishdan oldin ularni huquqiy tekshiruvdan o’tkazish, bu yo’nalishdagi nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari belgilab olindi. Ko’tarilgan masalalar yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov hamda viloyat adliya boshqarmasi boshlig’i SHokir Saidovlar so’zga chiqishdi.

SHundan so’ng respublikamiz rahbarining 2022 yil 21 fevraldagi “Er uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorining ijrosini ta’minlashga oid masala ko’rib chiqildi. Ushbu yig’ilishda prokuratura, ichki ishlar organlari xodimlari bilan birga qishloq xo’jaligi, suv xo’jaligi, o’rmon xo’jaligi, kadastr, agroinspeksiya kabi yer maydonlariga aloqador tashkilotlar vakillari hamda hokim yordamchilari qatnashdilar.

Tadbirda dastlab yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish va foydalanish, talon-taroj qilish kabi qonunbuzarliklar haqida ma’lumotlar keltirildi.  2021 yilda viloyatda 102 gektar yer maydoni talon-taroj qilingan. Joriy yilning 1- choragida esa 72 gektar yer maydonini sotish, 299 gektar yer maydonidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. yer maydonlarini noqonuniy egallab olish va turar joylar qurish holatlari ham ko’paygan.

Hokimliklar huzuridagi yer ajratish masalalarini ko’rib chiqish komissiyalari mansabdorlari tomonidan vakolatni suiiste’mol qilib, yerlarni auksion savdolarisiz berib yuborish holatlari ham uchrayapti. SHu sababli prokuratura va ichki ishlar organlarining tegishli bo’limlari xodimlariga bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish, shuningdek mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda mazkur yo’nalishdagi qonunbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini ko’rish, nazoratni kuchaytirish topshirig’i berildi. Yig’ilishda yer uchastkalarini belgilangan muddatlarda xatlovdan o’tkazish masalasi ham muhokama etildi.

Text to speech