4 Sentyabr 2023 yil 901

O’quvchilarga Prezident sovg’asi topshirildi

Jizzax viloyati Zomin tumani Guliston MFYdagi 30- sonli o’rta umumta’lim maktabida yangi o’quv yilining boshlanishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda maktab pedagogik jamoasi, o’quvchilar, ularning ota-onalari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi. “Yangi hayot uchun, yangi O’zbekiston uchun” shiori ostida bo’lib o’tgan marosimda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov va boshqalar so’zga chiqishib, mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor hamda ularning el-yurt oldidagi mas’uliyati xususida to’xtaldilar. Shuningdek, maktablar infratuzilmasini yaxshilash, o’qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, zamonaviy ta’lim jarayonini tashkil etish va ta’lim sifatini yanada yaxshilash galdagi eng muhim vazifa ekanligi qayd etildi. O’quv yilini ko’tarinki ruhda boshlayotgan o’nayotgan avlod vakillari ushbu ilm maskanida ustozlaridan fan sirlarini qunt bilan o’rganishlariga ishonch bildirildi.

Tadbir davomida maktabning 1- sinfiga qabul qilingan 46 nafar bolalarga o’quv qurollaridan iborat prezident sovg’alari topshirildi. Bundan tashqari maktab o’quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur namoyish etildi. Tadbir yakunida yangi o’quv yilining ilk qo’ng’irog’i yangrab, o’quvchilar sinfxonalarga yo’l olishdi. So’ng boshlang’ich sinflarda “Yangi O’zbekiston - Vatanim manim” hamda yuqori sinflarda “Yangi hayot uchun, yangi O’zbekiston uchun” mavzularida Mustaqillik darslari o’tildi. Mashg’ulotlarda o’quvchilarning mustaqillik, davlat va uning ramzlari, Konstitutsiya va qonunlar, istiqlol davridagi bunyodkorlik hamda erishilgan yutuqlar haqida ma’lumotlar berildi.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech