14 Yanvar 2022 yil 611

O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’.T.Qodirovning bayram tabrigi

Hurmatli faxriylar, harbiy xizmatchilar, qadrli hamkasblar, xizmat burchini bajarish chog’ida halok bo’lgan xodimlarning oila a’zolari!

Sizlarni O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining shonli 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin dildan tabriklayman! YAxshi ma’lumki, Milliy Armiyamiz askar va ofitserlari professional tayyorgarlik darajasiga ko’ra jahondagi yetakchi mamlakatlar qurolli kuchlarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligini so’zda emas, amalda isbotlashmoqda.

Bu esa xalqimiz, xususan yoshlarimiz qalbida Milliy Armiyamiz bilan g’ururlanish va yurtga sadoqat bilan xizmat qilish hissini uyg’otadi. Qolaversa, Qurolli kuchlarimiz yosh avlod uchun mustahkam iroda, yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish, ularning aqliy va intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish hamda jismoniy toblanish maktabiga aylangan.

Kuni kecha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo’mondoni SHavkat Miromonovich Mirziyoyev sana munosabati bilan yo’llagan bayram tabrigida yurt o’g’lonlari sha’nini yuksak e’tirof etib, armiyamizning kuch-qudratiga munosib baho berdi.

Alohida e’tirof etish joiz, so’nggi yillarda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, askar va ofitserlarning intellektual va jangovarlik darajasini yuksaltirish, armiyani zamonaviy texnika, qurol va aslahalar bilan ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylandi.

Ta’kidlash kerak, Qurolli Kuchlarimizning muhim asosi bo’lgan ichki ishlar organlari tizimi ham izchil takomillashmoqda va soha vakillarining bor salohiyati huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoyalashga qaratilgan.

Joriy 2022 yil “Inson qadrini ulug’lash va faol mahalla yili” da ham xalq ishonchini qozonish va aholiga yaqindan xizmat ko’rsatish, faqat va faqat xalq manfaatlarini ustuvor bilib, osoyishtalik va jamoat xavfsizligini ta’minlash yo’lida butun qudratingizni safarbar etishingizga ishonaman.

Hurmatli hamkasblar!

Sizlarni yana bir bor Vatan himoyachilari kuni bilan qutlayman. Barchangizga salomatlik, uzoq umr, oilangizga totuvlik, qut-baraka tilayman. El osoyishtaligini ta’minlashdek mas’uliyatli va sharafli xizmatingizda zafarlar yor bo’lsin.

Text to speech