14 Yanvar 2023 yil 1087

O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’.T.Qodirovning bayram tabrigi

Hurmatli faxriylar, harbiy xizmatchilar, qadrli hamkasblar, xizmat burchini bajarish chog’ida halok bo’lgan xodimlarning oila a’zolari!

O’z hayotini ona Vatanimizni himoya qilishdek ulug’ va oliyjanob ishga bag’ishlagan Siz azizlarni O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Mana shunday qutlug’ ayyomda jonajon yurtimizga sadoqatli, azmu shijoati bilan xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo’lida, xizmat burchini ado etishda mardlarcha halok bo’lgan fidoyi xodimlarimizning nurli va so’nmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz.

Qadrli yurtimiz himoyachilari!

Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar natijasida qisqa davrda O’zbekiston Respublikasi suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir, zamonaviy qurol va texnikalar bilan ta’minlangan milliy armiyamiz vujudga keldi. Aniqroq qilib aytganda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu tamoyil o’z natijasini berib, Qurolli kuchlarimiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylandi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo’mondoni SHavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat O’zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur. SHonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz jasorati, ularning “Bilagi zo’r – birni yengar, ongi va yuragi zo’r esa – mingni” degan dono o’gitlari bizga aynan mana shunday hayotiy haqiqatni uqtiradi.

Joriy “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” da ham qasamyodiga hamisha sodiq, el-yurt himoyasi yo’lida metin qalqon bo’layotgan mard va jasur o’g’lonlarimiz buyuk bobokalonlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarning munosib vorislari qatorida jangovar tayyorgarligini, bilim va malakasi, dunyoqarashini yuksaltirish, ularning kasbiy va madaniy qiziqishlarini qo’llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. SHu bilan birga yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy o’zligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Ta’kidlash kerak, Qurolli Kuchlarimizning muhim asosi bo’lgan ichki ishlar organlari tizimi ham izchil takomillashmoqda va soha vakillarining bor salohiyati huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoyalashga qaratilgan.

Hozirgi kunda xizmat qilayotgan barcha bo’g’indagi xodimlarimizning Vatan va xalq oldidagi xizmatlarini munosib qadrlash, ularni nafaqat moddiy, balki ma’naviy rag’batlantirish, kundalik hayotidagi muammolarini hal etishga ko’maklashish, ularning oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish hamda tizimdagi ta’lim muassasalarida ham sifatli ta’lim berish, ularni kelgusi hayotga tayyorlash borasidagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Hech shubhasiz, hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olayotgan bunday jadal o’zgarishlar ichki ishlar organlari tizimining yangi imidjini yaratish, xalq orasidagi obro’-e’tibori, yoshlarimiz qalbida Vatan himoyachisidek oliyjanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yanada kuchaytiradi.

Hurmatli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, sizlarga, mo’’tabar tuprog’imizni ko’z qorachig’idek asrab-avaylash yo’lida o’z burchini munosib ado etib kelayotgan barcha jasur o’g’lonlarimizga, ularning ota-onalari va oila a’zolariga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizni O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog’lik, oilaviy baxt-saodat, tinchlik va farovonlik tilayman. Xalqimiz siz kabi botir va dovyurak farzandlari – Vatanimizning haqiqiy posbonlari bilan faxrlanadi.

 

G’ayrat QODIROV,

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor.

 

Text to speech