“Vatanparvarlik burchagi” ochildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Vatanparvarlik burchagi” ochildi. SHu munosabat bilan uyushtirilgan tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari, sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda faxriylar ishtirok etdilar.
Mazkur burchakdan respublikamiz Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul qilingan huquqiy normativ hujjatlar, davlat mukofoti sohiblari, Ichki ishlar vazirligi ko’krak nishonlari bilan taqdirlanganlar, ayni vaqtda xizmat qilayotgan namunali xodimlar, sport musobaqalari g’oliblari, faxriylar, II jahon hamda afg’on urushida ishtirok etgan soha vakillari, shuningdek xizmat davomida halok bo’lgan xodimlar haqida ma’lumot olish imkoni yaratilgan.
Bundan tashqari mamlakatimiz rahbarining ichki ishlar organlariga e’tibori, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining tashkil qilinishi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbarlariga oid fotosuratlar joy olgan. Xuddi shunday, ulug’ sarkarda Amir Temur, davlat arbobi va yozuvchi SHarof Rashidov haqida ma’lumotlar keltirilgan. Bu yerda xodimlar dunyo ilmu faniga ulkan hissa qo’shgan buyuk ajdodlarimiz, o’zbek adabiyotining yirik namoyandalari hamda “Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi”ga oid bilimlarini oshirishlari mumkin.
Tizimga oid tarixiy hujjatlar, orden va medallar, buyum va vositalar ham e’tiborni tortmasdan qolmaydi. Har bir ma’lumotning fotosuratlarga uyg’unlikda berilishi materiallarning qiziqarli bo’lishini ta’minlagan.
Tadbir yakunida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov boshqarmada qaytadan tashkil etilayotgan muzeyni ashyolar bilan boyitish hamda bir qator ichki ishlar organlari binolarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlarini jadallashtirish bo’yicha topshiriq va tavsiyalar berdi.