19 May 2021 yil 889

Vazir o’rinbosari Jizzaxga tashrif buyurdi

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik Najmiddin Turaxodjayev Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida bo’lib, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qilingan ishlar, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dastlab yangitdan bunyod etilgan 102 avtomatlashtirilgan ma’lumotlar tizimini ko’zdan kechirdi. 102 raqamiga qilingan har qanday qo’ng’iroq ilgarigidek hududiy ichki ishlar bo’limlari navbatchilik qismlari tomonidan emas, balki viloyat ichki ishlar boshqarmasidagi avtomatlashtirilgan ma’lumotlar tizimi orqali qabul qilinishi bildirildi.

E’tiborlisi, zamonaviy aloqa va axborot qurilmalari har bir murojaatni ro’yxatga oladi. Tizim bir vaqtda 3000 ta qo’ng’iroqni qabul qilish imkoniga ega. Mabodo fuqaro qo’ng’iroq qilganida aloqa vositasi band bo’lsa, navbatchilik qismi xodimi go’shakni qo’yishi bilan tizim uni ulana olmagan murojaatchi bilan avtomatik tarzda bog’laydi.  

Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik N. Turaxodjayev Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida yangitdan bunyod etilgan tezkor ma’lumotlar bo’limi, ekspert kriminalistika bo’limi, huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasidagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. SHuningdek, Jizzax shahridagi IT Park mintaqaviy filiali bilan ham tanishdi.

Text to speech