15 Oktyabr 2024 yil 3134

Vazir o`rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov soha faxriylari bilan muloqot o`tkazdi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov soha faxriylari bilan muloqot o`tkazdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati, hududiy ichki ishlar boshqarma va bo`limlari boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarlari ham ishtirok etgan yig`ilishda vazir o`rinbosari mamlakatimizda keksalarga, jumladan, soha faxriylariga ko`rsatilayotgan e’tibor va g`amxo`rliklar haqida so`z yuritdi.

Chunonchi, oktyabr oyining boshida uyushtirilgan “Keksalar haftaligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda noyabr - keksalar uchun turizm oyida o`tkazilajak tadbirlar  tilga olindi. Xuddi shunday, Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar ichki ishlar organlari faxriylar kengashlarining faoliyati, xususan, joriy qilingan ilg`or tajribalar yuzasidan fikr almashildi.

O`z navbatida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi mas’ullarining joriy yilning o`tgan davriga oid hisoboti tinglandi. Shundan so`ng keksalarning talab, takliflari eshitildi. Ushbu jarayonda faxriylarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot bo`limida shifokorlar tarkibini kengaytirish, ajratiladigan dori-darmonlar miqdori va sanatoriylarga yo`llanmalarni ko`paytirish kabi bir qator masalalar ko`tarildi.

Shuningdek, ustoz va shogird an’anasini kuchaytirish, faxriylarning hayotiy tajribasi va bilimlaridan ichki ishlar organlari va mahalla fuqarolar yig`inlari faoliyatida keng foydalanish, keksalar o`rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirish, ularni qo`llab-quvvatlash maqsadida jamg`arma tashkil qilish bo`yicha takliflar bildirildi. Ma’lumot o`rnida aytish kerak, Ichki ishlar vazirining o`rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov bunday muloqotlarni respublikamizning barcha hududlarida o`tkazmoqda.


Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech