Vazir o’rinbosari aholi bilan ochiq muloqot o’tkazdi
Jizzax viloyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, respublika oliy sudlari, Bosh prokuratura, Bojxona qo’mitasi mas’ullaridan tarkib topgan ishchi guruhi sud-huquq masalalari bo’yicha ommaviy sayyor qabullar o’tkazmoqda. Iishchi guruh tarkibida bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik YAhyojon Abdulhakov ham murojaatchilar bilan muloqotlar o’tkazdi.
Ommaviy sayyor qabullarning dastlabki kunida G’allaorol va Baxmal tumanida yashovchi fuqarolarning arzi hollari tinglandi. G’allaorol tumanining Buloqboshi qishloq fuqarolar yig’inidagi 84- sonli o’rta umumta’lim maktabida bo’lib o’tgan qabullar davomida sud-huquq masalalaridan tashqari ijtimoiy-iqtisodiy tizimga oid murojaatlar ham eshitildi. Masalalarni joyida hal qilish maqsadida Jizzax viloyati, shuningdek, G’allaorol va Baxmal tumanlari hokimliklari, boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbar va mas’ullari mazkur tadbirga jalb etildi.
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, polkovnik YAhyojon Abdulhakovning ommaviy qabuli voyaga yetganlarga shaxsni tasdiqlovchi ID kartalar va sovg’alar topshirish bilan boshlandi. Aholi bilan muloqotlar davomida bandlikni ta’minlash, ishga tiklanish, firibgardan ko’rilgan zararni undirish, qonunbuzarga nisbatan chora ko’rish, oilaviy nizolarga barham berish kabi bir qator muammolar ko’tarildi.
O’z o’rnida Ichki ishlar vazirining o’rinbosari tomonidan tegishli idoralar, xususan, ichki ishlar organlarining bir qator sohaviy xizmatlari mas’ullarini biriktirish orqali masalalarni hal qilish choralari belgilandi. Xuddi shunday, ommaviy qabullarda ichki ishlar organlarining probatsiya xizmati nazorati ostida bo’lgan shaxslarning murojaati asosida sud o’tkazilib, 6 kishi shartli ravishda ozodlikka chiqarildi.
Jizzax viloyatida sud-huquq masalalari bo’yicha ommaviy sayyor qabullar 3 kun davom etadi. Bu davrda viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi murojaatchilarni qamrab olish rejalashtirilgan.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.