11 Dekabr 2023 yil 4029

Jizzax viloyati IIB boshlig`i, 3-sektor rahbari general-mayor G`.Qodirovning sayyor qabuli Mirzacho`l tumanida tashkil etildi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirovning navbatdagi sayyor qabuli Mirzacho`l tumanining “O`zbekiston” QFYda o`tkazildi. Qabul avvalida “Yil ayoli” ko`rik-tanlovining tuman bosqichi g`olibi hamda 9 nafar tashabbuskor hudud yoshlari boshqarma boshlig`ining esdalik sovg`alari bilan taqdirlanishdi.

Muloqotda fuqarolar 3- sektor rahbaridan o`zlarini qiynayotgan muammolarini hal etishda yordam so`rashdi. Xususan, suv quvurlarini ta’mirlash, suv hisoblagich o`rnatish, ariqqa yo`l o`tkazgich qurish, elektr ustunlarni almashtirish, ko`chalarni shag`allashtirish, piyodalar yo`lakchasi qurishga oid masalalar ko`tarildi.

Bundan tashqari ish bilan ta’minlash, yashash xonadonini isitish, nafaqa puli ajratish, tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, yashash uyi uchun kadastr hujjatlarini yangilash kabi masalalarga mutasaddilar ishtirokida echim izlandi.

Sektor rahbari ko`tarilgan masalalarni o`z vaqtida hal etish, mummolarni xonadonbay va mahallabay o`rganish orqali hal etish bo`yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Sayyor qabul davomida boshqarma boshlig`i mas’ullar bilan birga Islomobod jome masjidini ta’mirlashga oid masalani joyida ko`zdan kechirdi. Jarayonda masjid atrofini betonlash, yo`laklarni ta’mirlash, atrofni obod qilish bo`yicha mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi. Shuningdek, mahalladagi 16- sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida olib borilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Text to speech