Jizzax viloyati IIB boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirovning viloyat aholisiga murojaati
Assalomu
alaykum, aziz yurtdoshlar!
Bugungi
kunda respublikamizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida inson qadrini
yuksaltirish, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarini himoya
qilish, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan ko`lamli
islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur o`zgarishlar bosh vazifasi mahallalarda
xavfsiz muhitni yaratish, qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka
qarshi kurashish bo`lgan ichki ishlar organlari xodimlarini fidoyilik bilan
xizmat qilishga undamoqda.
Natijada
soha vakillarining sa’y-harakati bilan joriy yilning o`tgan davrida viloyatdagi
309 ta mahallaning 183 tasida jinoyat sodir etilishiga yo`l qo`yilmadi, 96
tasida jinoyatlarni kamaytirishga erishildi.
Ammo
“qizil” toifadagi mahallalar soni Jizzax shahri, Sharof Rashidov, Forish va
Zarbdor tumanlarida yuqoriligicha qolmoqda. Demakki, ushbu hududlarda
ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog`lomlashtirishga qaratilgan ishlar va ijtimoiy
profilaktik tadbirlarini yanada kuchaytirish zarur. Bu jarayonda
kiberjinoyatlarning oldini olish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Chunki
viloyatda qayd etilgan qonunbuzarliklarning 42 foizi axborot texnologiyalari
orqali, masofadan turib amalga oshirilgan. Ya’ni kimdir ishonuvchanligi,
boshqalar mo`may pul topish ilinjida kiberfiribgarlar tuzog`iga tushib
qolyapti. Shu ma’noda barcha yurtdoshlarimizdan shaxsiy va bank plastik
kartalariga oid ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslikni, notanish va
zararli ilovalardan foydalanmaslikni so`rab qolamiz
Ta’kidlash
joiz, kibero`g`irlik va kiberfiribgarlik jinoyatlarining asosiy salmog`i Jizzax
shahri hamda Sharof Rashidov tumani hissasiga to`g`ri kelmoqda. Xuddi shunday,
Jizzax shahri, Baxmal, Sharof Rashidov va G`allaorol tumanlarida o`g`irlik,
Sharof Rashidov, Mirzacho`l va Forish tumanlarida firibgarliklar ko`paygan.
Ushbu jinoyatlarga mol-mulk hamda tovar-moddiy boyliklarni qarovsiz qoldirish,
beparvolik kabi omillar sabab bo`lyapti.
Yana
bir ma’lumot: joriy yilning 7 oyi davomida olib borilgan tezkor-qidiruv
tadbirlarida 135 ta korrupsiyaviy holatlarga chek qo`yilib, qidiruvda bo`lgan
267 nafar shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi. Qolaversa, 32
kilogramm 472,9 gramm miqdorida giyohvand modda, qariyb 33 mingga yaqin
psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga
chek qo`yildi.
Voyaga
etmaganlar, ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ham
barchamizni sergaklikka undashi zarur. Ya’ni, har birimiz farzandlarimizning
bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish choralarini ko`rishimiz, nazoratsiz
qoldirmasligimiz, ularning kimlar bilan do`st tutinayotganligiga qiziqishimiz
lozim.
Aziz
yurtdoshlar!
Hech
kimga sir emaski, mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda avtotransport
vositalari soni yildan yilga ortmoqda. Qolaversa, Jizzaxdan xalqaro ahamiyatga
ega Toshkent – Termiz M-39 yo`li ham o`tgan. Mazkur jihat yo`llarda
hushyorlikni oshirishimizni taqozo etmoqda. Zero haydovchilar va piyodalarda
harakatlanish madaniyati etishmasligi hamda ayrimlarning qoidalarga amal
qilmasligi tufayli ko`ngilsiz hodisalar soni ortib bormoqda. Ayniqsa,
bolalarning jarohat olishi va o`limi bilan bog`liq holatlar ko`paygan.
Shu
ma’noda, yo`l qoidalariga amal qiling, bu borada farzandlaringizga ibrat
ko`rsating. Voyaga etmaganlarning kattalar nazoratisiz yo`llarda
harakatlanishining oldini oling. Ana shunda o`zimiz, farzandlarimiz va
boshqalarning hayoti va sog`ligini asragan bo`lamiz.
Qadrli
jizzaxliklar va mehmonlar!
Bugungi
kunda viloyatimizda kriminogen vaziyatni sog`lomlashtirish, mahallalarda
xavfsiz muhitni yaratish, qonunbuzarliklarning asl omillarini o`z vaqtida
aniqlash va manzilli bartaraf etishga qaratilgan bir qator tadbirlar o`tkazilmoqda.
Jumladan, ayni damlarda ichki ishlar organlari xodimlari “Xavfsiz va sog`lom
yurt” oyligi doirasida tezkor profilaktik tadbirlar tashkil qilinyapti.
Shuningdek,
jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida mahallalar, savdo markazlari,
ta’lim muassasalari kabi aholi gavjum joylarni videokuzatuv qurilmalari
nazoratiga olish, “namunaviy xavfsiz yo`lak” va “xavfsiz ko`cha”lar tashkil
qilish, ko`p qavatli uylarning kirish yo`laklariga tashvish tugmalari o`rnatish
ishlari davom ettirilmoqda.
Bundan
tashqari, bir qator idoralar va tashkilotlar bilan hamkorlikda jinoyat sodir
etilishiga sabab bo`luvchi ijtimoiy, psixologik va moddiy muammolarni hal
qilish, har bir fuqaroda jinoyat va korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni
shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanmoqda. Mazkur jarayonda har
bir hududning o`ziga xos xususiyatlarini inobatga olinayapti.
Aziz
yurtdoshlar!
Har
birimiz tinchlik bebaho ne’mat ekanligini yaxshi anglaymiz. Shu nuqtai nazardan
Vatanimiz mustaqilligi va osoyishtaligini ko`z qorachig`idek asrab-avaylash,
jinoyatchilikni jilovlash va korrupsiyaga qarshi kurashishda Sizning
ko`magingizga tayanamiz.
Qonunlarga
qat’iy rioya eting, o`zgalar huquq va sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulki daxlsizligini
hurmat qiling. Doimo ogoh va xushyor bo`ling!
E’tiboringiz
uchun rahmat!