Voyaga yetmaganlar bilan ishlash tizimi takomillashmoqda
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida respublika Vazirlar Mahakamasining 2021 yil 3 avgustdagi “Voyaga yetmaganlarga ijtiomiy-huquqiy yordam ko’rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori ijrosini samarali ta’minlash maqsadida o’quv o’tkazildi. Tadbirda shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmalari voyaga yetmaganlar va yoshlar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhlari katta inspektorlari hamda voyaga yetmaganlar masalalari bo’yicha inspektor psixologlar ishtirok etdilar.
Voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan faoliyatni kuchaytirish maqsadida uyushtirilgan mazkur o’quvni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Jo’rabek Avazov boshqarib bordi. Tadbirda so’z olganlar ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko’rsatish markazlari faoliyatini tashkil etish, nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarni aniqlash, ularni markazga qabul qilish, saqlash va bolalar bilan yakka tartibda profilaktik ishlarni o’tkazishga oid yangi tartiblar haqida ma’lumot berildi.
SHuningdek, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga joylashtirilgan, ijtiomiy jihatdan xavfli ahvoldagi oilalarda yashayotgan va davlat yordamiga muhtoj bo’lgan voyaga yetmaganlarni oziq-ovqat, birlamchi kiyim-kechak va boshqa zaruriy ashyolar bilan ta’minlash choralari tilga olindi. Bolalarning qarovsizlik omillarini o’rganish, ijtiomiy-huquqiy holatiga baho berish, tibbiy tekshiruvdan o’tkazish, ularni tegishli muassasalarga joylashtirishga oid me’yor va tartiblar haqida ham atroflicha to’xtalib o’tildi.
Respublika Vazirlar Mahakamasining “Voyaga yetmaganlarga ijtiomiy-huquqiy yordam ko’rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida mazkur jarayonlarni amalga oshirishda ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmalarining voyaga yetmaganlar va yoshlar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhlari katta inspektorlari hamda voyaga yetmaganlar masalalari bo’yicha inspektor psixologlarining qanday vazifalarni bajarishi to’liq ifodasini topgan. Misol uchun qarovsiz bola aniqlanganida 5 soat ichida u voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko’rsatish markaziga maxsus avtotransport vositasida olib ketiladi. Xuddi shunday, ijtiomiy-huquqiy holatiga ko’ra bolani markazga 48 soatdan ortiq hamda 30 kundan kam bo’lmagan muddatga joylashtirish zarurati paydo bo’lsa, masala sud orqali ko’rib chiqiladi. Qisqasi, qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy va huquqiy himoyalash borasidagi hech bir jihat e’tibordan chetda qolmagan.
O’quv davomida voyaga yetmaganlar masalalari bo’yicha inspektor psixologlarning ta’lim muassasalaridagi faoliyatini tashkil etish, xizmat uchun sohaga mos sharoit yaratish hamda ularning bilim va tajribalarini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. SHuningdek, tarbiyasi og’ir bolalar, ularning ota-onalari bilan ishlash, voyaga yetmaganlarning ruhiyatidagi buzilishlarni aniqlash, salbiy o’zgarishlarning sabab va omillarini bartaraf etish, har bir bola bilan alohida ishlash, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, bolalarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Soha vakillarining huquq majburiyatlari, ish hujjatlarining yuritilishi hamda faoliyatni baholash mezonlari tilga olindi. Tadbir davomida tajribali psixologlar tomonidan voyaga yetmaganlarga ruhiy yordam ko’rsatishga oid ma’ruzalar o’qildi. YAkunda bu kabi o’quvlarni muntazam o’tkazishga kelishib olindi.