Voleybol bo’yicha Ichki ishlar vaziri kubogi o’tkazildi
Sportning voleybol turi bo’yicha Ichki ishlar vaziri kubogi uchun o’tkazilgan musobaqaning Jizzax viloyat bosqichi ochilishida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov yurtimizda ommaviy sport turlarini rivojlantirish borasidagi ishlar, mazkur bellashuvlarning ahamiyati va shaxs kamolotidagi o’rni xususida to’xtaldi. SHuningdek, viloyatimizning yosh sportchilari qo’lga kiritayotgan yutuqlari e’tirof etildi. SHundan so’ng musobaqaga start berildi.
Aytish joiz, sport tadbiri O’zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 11 apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori hamda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Ichki ishlar vazirining farmoyishi asosida tashkil etildi. 3- sektor hududlarida yashovchi uyushmagan yoshlar ishtirokidagi musobaqada asosiy e’tibor iqtidorli va iste’dodli yoshlarni seleksiya qilish orqali professonal sport jamoalariga jalb etishga qaratilgan.
Respublikamizning barcha hududlarida bo’lgani singari Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida 1 iyundan 8 iyunga qadar mazkur musobaqaning shahar va tuman bosqichlari bo’lib o’tdi. Ushbu bellashuvlar 80 ta mahallaning qariyb 800 ga yaqin yoshlarini qamrab oldi. Hududiy bosqichlarida g’oliblikni qo’lga kiritgan 13 ta jamoa esa musobaqaning viloyat bosqichida mahoratlarini yana bir bor namoyon etishdi.
Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug’ullanishni targ’ib etish, yoshlarning sog’lom turmush tarzi bo’yicha hayotiy ko’nikmalarini shakllantirish va sportga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirish orqali sog’lom raqobatni yo’lga qo’yish ko’zda tutilgan bellashuv davomida har bir jamoa aniq maqsad yo’lida birlashib, g’oliblik uchun astoydil kurash olib borishdi. Bu jarayonda yosh voleybolchilar kuch-g’ayrat va shijoatlarini namoyish etishdi.
Finalda esa zominlik va arnasoylik voleybolchilar birinchilik uchun kurash olib borishdi. Qizg’in kechgan bahslar yakunida Arnasoy tumani yoshlari g’oliblikni tantana qildilar. Zominliklar ikkinchi va Zafarobod tumani voleybolchilari uchinchi o’rinni egallashdi. G’oliblarga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov diplom va qimmatbaho sovg’alarni topshirdi. Endilikda g’olib jamoa Samarqand shahrida o’tkaziladigan navbatdagi hududlararo bosqichida qatnashib, viloyatimiz sharafini himoya qiladi.
Taqdirlash marosimi so’nggida viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan badiiy dastur namoyish etildi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati