12 Mart 2022 yil 539

Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar kamaydi

Mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoniga asosan ichki ishlar organlarida inspektor psixologlar faoliyati yo’lga qo’yildi. Ular tomonidan voyaga yetmaganlar va yoshlar o’rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Baxmal tumani ichki ishlar bo’limi inspektor psixologi, leytenant Zumrad Jamuratova doimiy ravishda o’rta umumta’lim maktablarida bo’lib, o’quvchilar bilan yakka va umumiy tartibda suhbat olib boradi. Ushbu profilaktik tadbirlarga maktab amaliyotchi psixologi va maktab direktori o’rinbosari jalb etiladi. O’quvchilarning darsga qatnashish darajasini kuzatish jarayonida sababsiz mashg’ulotlarda qatnashmayotgan o’quvchilarning ota-onalari bilan suhbatlashilib, o’quvchining darslarga qatnashishi ta’minlanayapti.

Bundan tashqari, aholi gavjum joylar, ko’ngilochar, savdo va komp’yuter markazlarida doimiy reydlar uyushtiriladi. Birgina joriy yilning ikki oyida viloyat bo’yicha o’tkazilgan shunday tadbirlarda qariyb 500 nafarga yaqin o’quvchilar dars mashg’ulotlariga sababsiz qatnashmayotganligi ma’lum bo’ldi. Ushbu voyaga yetmaganlarning aksariyati mashg’ulotlarga qaytarilib, majburiyatini bajarmagan uch yuzdan ziyod ota-onalarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko’rildi.

SHuningdek, ta’lim muassasalarida o’zining salbiy hulq atvori bilan boshqa o’quvchilarga ta’sir ko’rsatayotgan, g’ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etayotgan o’quvchilar Respublika maxsus va ixtisoslashtirilgan maktablarga, dars vaqtlarida bozorlar, ko’cha va jamoat joylarida nazoratsiz va qarovsiz yurgan voyaga yetmaganlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko’rsatish markaziga joylashtirilgan.

Tarbiyasi og’ir va deviant hulq atvordagi o’quvchilar bilan reja asosida ishlanib, tuzalish yo’liga o’tganlari ro’yhatdan chiqarilayapti. Viloyat hududida voyaga yetmagan shaxslarning tungi vaqtlarda ota-onasining nazoratisiz ko’nilochar muassasalarda bo’lishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar davomida 8 ta holatda restoran va kafe rahbarlariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Xullas, voyaga yetmaganlar o’rtasida olib borilayotgan shu kabi profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning o’tgan davrida ular ishtirokidagi jinoyatlar o’tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamaydi.

Text to speech