Xizmat intizomini mustahkamlash yo’lida
Jizzax viloyati IIOda xizmat qilayotgan xotin-qizlar o’rtasida qonuniylik va xizmat intizomini yanada mustahkamlash, ularning sohadagi o’rni va mavqeini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni yo’nalishdagi ishlar viloyat IIB boshlig’i o’rinbosari, podpolkovnik H.Abdullayev huzurida o’tkazilgan yig’ilishda muhokama qilindi. Tadbirda, shuningdek mamlakatimiz rahbarining shu yil 20 yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo’naltirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”i qarorida belgilangan vazifalar, tizimda olib borilayotgan islohotlar, ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini yuksaltirish borasidagi ishlar tilga olindi.
Ma’lum qilinishicha, IIO xotin-qizlari o’rtasida “Fidoyi ayol xodima” ko’rik-tanlovi, sportning shaxmat va voleybol turlaridan musobaqalar tashkil etilgan. Ushbu bellashuvlar g’oliblari “Ayol – mehr-sadoqat va taraqqiyot timsoli” shiori ostida joriy oyning so’nggi kunlarida Samarqand shahrida o’tkaziladigan II Respublika forumida ishtirok etishadi. Tadbirda xodimalarning formali kiyim-bosh va formali kiyim-bosh sirasiga kirmaydigan kiyimlarini kiyib yurishlariga ham diqqat qilindi.
Bundan tashqari, yig’ilishda shaxsiy tarkibga qonunchilik va xizmat intizomi buzilishining salbiy oqibatlari, ichki ishlar xodimi degan yuksak sharafli nomga dog’ tushirmaslik, kasb madaniyati va xizmat intizomi qoidalariga rioya etish lozimligi tushuntirildi. Muhokama chog’ida yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklarni hal etish bo’yicha choralar belgilandi.
SHu kuni ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning saf ko’rigi o’tkazildi. SHu bilan birga xodimalar o’rtasida o’zaro ahillik, oila mustahkamligini saqlash, xizmatga bo’lgan sadoqatini oshirishga qaratilgan psixologik trening va mashg’ulotlar ham o’tildi.