24 Oktyabr 2025 yil 136

Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirovning 25 oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi


Hurmatli hamkasblar, qadrli faxriylar, el osoyishtaligini ta’minlamoqni muqaddas burch, deb biladigan fidoyi do‘stlar! Barchangizni bugungi qutlug‘ sana  25 oktyabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman!

So‘zim avvalida, siz jamoat xavfsizligini ta’minlash, qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash orqali Yangi O‘zbekistonni barpo etishga ulkan hissa qo‘shilayotganligingizni e’tirof etmoqchiman. Zero tinchliksiz yuksalish, farovonlik bo‘lmaydi.

O‘z navbatida, kunlari xotirjamlikka, tunlari osudalikka uyg‘un kechayotgani uchun xalqimiz sizdan behad minnatdorligini, og‘ir, lekin sharafli xizmatingizni cheksiz qadrlashini qayd etmoqchiman. Shu ma’noda, hurmatli Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin”, degan talabi bosh maqsadimizga aylanmog‘i shart.

Ta’kidlash joiz, tizim moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan izchil islohotlar tufayli faoliyatimiz samaradorligi yildan yilga ortib bormoqda. Binobarin, o‘tgan 8 yil davomida Jizzax viloyati ichki ishlar organlariga qarashli 30 dan ziyod muassasa ta’mirdan chiqarildi, yangilari barpo etildi. Xususan, Zarbdor, Do‘stlik va Paxtakor tumanlari ichki ishlar bo‘limlari, viloyat IIB jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, “102” xizmati, tibbiyot bo‘limida qulay xizmat sharoitlari yaratildi.

Ayni vaqtda Yangiobod tumani IIB jamoasi uchun bino qurilmoqda. G‘allaorol tumani IIB binosi kapital ta’mirlanayotir. Keyingi 2 yilda Baxmal tumani IIB hamda viloyat IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi uchun bino, tibbiyot bo‘limi hududida 4 qavatli davolash muassasasi, Zomin tumanida 100 o‘rinli reabilitasiya markazini qurish, Jizzax shahri ichki ishlar boshqarmasini kapital ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Soha vakillari va ularning oilar a’zolarini ijtimoiy himoyalash borasida ham salmoqli ishlar qilinmoqdaki, bundan barchangiz yaxshi xabardorsiz. Birgina misol, o‘tgan yili soha vakillari uchun Sharof Rashidov tumanining “Kuyovboshi” mahallasida 56 ta yakka tartibdagi turar joy qurilib, foydalanishga topshirilgandi. Tez orada ana shunday uylardan yana 48 tasi xodimlar uchun ajratiladi.

Tabiiyki, respublikamiz rahbariyati hamda IIV tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar har birimizni o‘z qasamyodimizga sodiq bo‘lishga, Vatanimiz, tinchligini asramoq yo‘lida jonkuyarlik bilan xizmat qilishga, xalqimiz ishonchini oqlashga undaydi.


Aziz do‘stlar!

Barchangizni, shu jumladan, xizmat davomida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila a’zolarini yana bir bor Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman. Oilangizga fayzu baraka, xizmatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Text to speech