3 Noyabr 2022 yil 501

Xodimlarga imtiyozli sertifikatlar topshirildi

Mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, uni mutlaqo yangi, zamonaviy bosqichga ko’tarish, soha xodimlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash borasida ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8 fevraldagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori muhim dasturil amal bo’lib xizmat qilayotir. Ushbu hujjat bilan soha xodimlari va ularning oila a’zolari uchun bir qator imtiyozlar berildi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida o’tkazilgan tadbirda ushbu imtiyozdan foydalanish imkoniga ega bo’lgan xodimlar va ularning ota-onalari, oila a’zolari ishtirok etishdi.

Yig’ilishda boshqarma boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov so’zga chiqib, sohada olib borilayotgan islohotlar, xodimlarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar xususida to’xtaldi. SHuningdek, xodimlarni uy-joy bilan ta’minlash, yashash sharoitini yaxshilash, ijtimoiy yordam ko’rsatish, yengil avtotransport vositalari sotib olish uchun qarz berish, tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam ko’rsatish borasida olib borilayotgan ishlar ma’lum qilindi.

Tadbirda ichki ishlar vazirligining buyrug’i bilan viloyat IIOning uy-joyga muhtoj xodimlariga uzoq muddatli ipoteka kreditidan foydalangan holda turar-joy sotib olish uchun dastlabki badal puli ajratilganligi haqidagi sertifikatlar topshirildi. Bir guruh xodimlarga esa Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi asosida avtotransport vositasi sotib olishi uchun oylik ish haqidan qaytarish sharti bilan 3 yil mudddatga qarz ajratilishi bo’yicha sertifikatlar taqdim etildi.

Tadbir davomida xodimlar va ularning yaqinlari viloyat ichki ishlar boshqarmasining “Vatanparvarlik burchagi” hamda Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tarixi muzeyi faoliyati bilan tanishishdi.

Text to speech