5 Fevral 2022 yil 614

Xodimlarning malakasi oshirildi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo’linmalari navbatchilik qismlari tezkor navbatchilari hamda yordamchilarining bilim va malakalari oshirildi. 3 kun davom etgan o’quv mashg’ulotida xodimlarning xizmat, jangovar va axloqiy psixologik tayyorgarlik darajasi yuksaltirishga e’tibor qaratildi.

O’quv mashg’ulotlari saf ko’rigi bilan boshlandi. SHu bilan birga, O’zbekiston Respublikasi saf nizomi, safda turish, yurish qoidalari, saflar va ularni boshqarish o’rgatildi. Bu jarayonda safdan chiqish, axborot berish va safga qaytish, harakatlanish tartiblari amaliy tarzda bajarildi.

Ichki ishlar organlarida navbatchilik qismlari jinoyat va hodisalar haqidagi xabar asosida tezkor tergov guruhining voqea joyiga zudlikda yetib borishi va jinoyatlarni issiq izidan fosh qilish yoki sodir etilishi mumkin bo’lgan qonunbuzarliklarning oldini olishda muhim o’rin tutadi.

Mazkur o’quv mashg’ulotlari esa navbatchilik qismlari tezkor navbatchilari hamda yordamchilarining bilim va ko’nikmalari, sohaga oid hujjatlar, yangilik va o’zgarishlardan xabardorlik darajasini oshirish, xizmat vazifalarini bajarish chog’ida to’g’ri harakatiga oid bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. SHu ma’noda o’quv davomida jinoyat va hodisalar to’g’risida kelib tushgan ariza va xabarlarni hisobga olish va amalga oshiriladigan vazifalar tushuntirildi.

SHuningdek, mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 29 noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni hamda 2017 yil 29 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlar bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalar mazmun-mohiyati yetkazildi.

3 kun davom etgan o’quvda xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar, ichki ishlar organlari faoliyatiga doir me’yoriy hujjatlar bo’yicha ham bilimlari oshirildi.

Darhaqiqat, bugun ichki ishlar organlari oldiga qo’yilgan vazifalarning samarali amalga oshirilishi ko’p jihatdan xodimlarning salohiyati, mas’uliyat va intilishiga bevosita bog’liq. SHu nuqtai nazardan bu kabi o’quv mashg’ulotlari xodimlarning o’z vazifasini sadoqat va shijoat bilan bajarishi va xizmat qilishiga, sohadagi yangilik va o’zgarishlar bilan tanishish, bilim hamda ko’nikmalarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. O’quv so’nggida xodimlardan mavzularni o’zlashtirganlik bo’yicha bilimlari sinovdan o’tkazildi.

Text to speech