1 Oktyabr 2025 yil 187

Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘.T. Qodirovning 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

 

Hurmatli ichki ishlar organlari faxriylari, ustoz va murabbiylar!

Bugun dunyodagi eng ulug‘vor kasb egalari bo‘lmish o‘qituvchilarni bayram bilan qutlayotganimdan behad mamnunman. Zero yosh avlodning qo‘liga qog‘oz-qalam tutqazib, qalblariga bilim nurlarini indirasiz, millatning yuragida Vatan va Istiqlolga muhabbatni, ertangi kunga ishonchni mustahkamlaysiz, ulug‘ orzular sari ruhlantirasiz.

Siz ulashayotgan ma’rifat va tarbiya ziyosi ila tafakkuri to‘yinganlar orasidan ilm-fan peshvolari, yurtning osoyishtaligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlovchi mard o‘g‘lonlar, xalq dasturxonini to‘kin qilguvchi tadbirkorlar, chempionlik shohsupasini hech kimga bermaydigan shijoatda tengsiz sportchilar, o‘z ishining ustalari bo‘lgan shifokorlar, me’morlar, muhandislar yetishib chiqadi.  

Shu ma’noda barcha kasb sohiblari mehr va ilmga yo‘g‘rilgan siymongiz qarshisida bosh egadi. Xalqimizning muallimga hurmat va ehtirom ko‘rsatish bilan bog‘liq azaliy qadriyatlari davlatimiz siyosatida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. So‘nggi yillarda sohaga ilg‘or uslub va texnologiyalarni joriy qilish, yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘qituvchi mehnatiga munosib haq to‘lash borasidagi o‘zgarishu yangiliklar fikrimiz tasdig‘idir.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev ta’biri bilan aytganda esa: “Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir!”. Endilikda ayni shu g‘oya asosida tizim rivojlantiriladi. Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirish, pedagoglarga ipoteka kreditlari ajratish, ularning oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan farzandlarining kontrakt to‘lovida chegirma berish, ustamalar to‘lash kabi ko‘p ezgu ishlar ko‘zda tutilyapti.

Sohada kechayotgan islohotlar ichki ishlar organlari tizimidagi ta’lim muassasalarini ham to‘la qamrab olgan. Xususan, IIV Jizzax akademik litseyi to‘liq ta’mirdan chiqarilib, zamon talablari asosida jihozlanganidan, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor.

Tez orada muassasada zamon talablariga mos sport zal va mashg‘ulot maydonlari yuzaga keltiriladi. Tabiiyki, yaratilayotgan sharoitlar o‘z natijasini berayotir. Chunonchi, bu yil litseyimizni tamomlagan yoshlarning barchasi davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.

Xuddi shunday, boshqarma qoshidagi 40- maktabgacha ta’lim tashkiloti 2 yil ilgari rekonstruksiya qilinib, havas qilgudek imkoniyatlar yaratildi. Ayni vaqtda ushbu muassasada 310 nafar farzandlarimiz tarbiyalanmoqda. Quvonarlisi, ushbu maskanda bolalar mental arifmetikani, ingliz va rus tillarini o‘rganishyapti, sport bilan shug‘ullanmoqdalar.

O‘z navbatida, IIV Jizzax akademik litseyining 52 kishilik, maktabgacha ta’lim tashkilotining 30 nafarlik pelagogik jamolarini hamda yosh ichki ishlar organlari xodimlariga murabbiylik qilayotgan safdoshlarimizni, shuningdek, bizga hamisha suyanch va tayanch bo‘layotgan faxriylarimizni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklayman.

Qadrli ustozlar!

Ichki ishlar organlari tizimini chuqur bilimga ega yetuk kadrlar bilan ta’minlash, vatanparvar, mard va jasur avlodni shakllantirishdek mas’uliyatli xizmatingizda muvaffaqiyatlar tilayman. Umringiz uzoq, xonadoningiz fayzli bo‘lsin! 

Text to speech