29 Noyabr 2024 yil 2823

Matbuot anjumani o`tkazildi

Jizzax viloyati IIB migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Tadbir avvalida soha mas’ullari tomonidan so`nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar va tizim imkoniyatlari xususida atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, mamlakatimiz rahbarining 2020 yil 22 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida identifikasiya ID -kartalarni joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, 2021 yilning 1 yanvaridan hozirgi kunga qadar 400 ming 850 nafar fuqaroga ID-karta rasmiylashtirib berilgani bildirildi. Joriy yilning o`tgan davrida bu ko`rsatkich 142 ming 420 tani tashkil qilgan.

Shuningdek, matbuot anjumanida viloyat hududida faoliyat yuritayotgan ichki ishlar organlari migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari 19 ta ID -karta rasmiylashtirish qurilmalariga ega ekanligi aytib o`tildi. Yana bir ma’lumot: 2020 yildan hozirgi kunga qadar 2 ming 281 nafar fuqaroligi yo`q shaxslarga tegishli tartibda O`zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikasiyalovchi ID-kartasi rasmiylashtirib berilgan. Shuningdek, 2024 yilda 16 ming 19 nafar xorijiy fuqarolar, turistlar va fuqaroligi yo`q shaxslar vaqtincha ro`yxatga olingan.

Xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirish borasida ham qator qulayliklar yuzaga keltirilgan. Chunonchi, shahar-tumanlar ichki ishlar organlari migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlarining 14 tasi xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirish qurilmasi bilan ta’minlangan. Bu esa 2019 yilning 1 yanvaridan hozirgi kunga qadar 252 ming 895 ta chet elga chiqish imkonini beruvchi hujjatni rasmiylashtirishga omil bo`lgan. Joriy yilning o`tgan davrida esa 40 ming 838 nafar fuqaro ana shunday pasport bilan ta’minlangan.

Bundan tashqari, soha vakillari bu yil hisobiga 55 ming 568 nafar fuqaroni doimiy yashash joyi bo`yicha va 3 ming 825 nafar fuqaroni viloyat hududiga vaqtincha ro`yxatga qo`yish choralarini ko`rganlar. Anjumanda tadbir qatnashchilarining savollariga javoblar qaytarildi. OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq faollari Jizzax viloyati IIB migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining texnologik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ham ega bo`ldilar.

Text to speech