Yillik faoliyat muhokama qilindi
Jizzax viloyati IIBda viloyat IIO xodimlari tomonidan 2022 yil davomida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yil rejalari muhokamasiga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi. Yig’ilishda viloyat IIB sohaviy xizmatlari, shahar va tumanlar IIB boshliqlari hamda onlayn videokonferens aloqa orqali hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari o’rinbosarlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamoat xavfsizligini ishonchli ta’minlash, hududlarda kriminogen vaziyatni tahlil qilib, tezkorlik bilan munosabat bildirish barcha bo’g’indagi rahbar va xodimlarning salohiyatiga, mas’uliyat va intilishiga bevosita bog’liq ekanligi haqida gapirdi.
SHundan so’ng viloyat IIO xodimlari tomonidan 2022 yil davomida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlash joiz, asosiy e’tibor fuqarolar xavfsizligini samarali ta’minlash va jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Yig’ilishda erishilgan natijalar bilan birga yo’l qo’yilgan kachiliklar ko’rsatib o’tildi. Qayd etilishicha, sodir etilgan jinoyatlar tumanlar kesimida tahlil qilinganda umumiy jinoyatlar Zafarobod, Forish, Do’stlik va SHarof Rashidov tumanlarida oshgan. Yig’ilishda tovlamachilik, firibgarlik, o’lim bilan bog’liq yo’l ulov hodisalari va mulkni qasddan nobud qilish jinoyatlariga sabab bo’lgan omillarga ham diqqat qilindi.
Bundan tashqari voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar hamda jamoat joylarida, shuningdek oila-turmush doirasida, probatsiya guruhlari nazoratida jazo o’tayotgan mahkumlar ishtirokidagi qonunbuzarliklar ham atroflicha muhokama etildi. SHu ma’noda, xatoga yo’l qo’ygan rahbarlar tanqid qilinib, faoliyatni o’nglashga oid aniq topshiriqlar berildi.
Majlisda ko’tarilgan masala yuzasidan viloyat IIB sohaviy xizmatlari va hududiy ichki ishlar bo’limlari boshliqlarining hisobotlari tinglandi.
Yig’ilish davomida mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish, oilaviy nizolarga barham berish, og’ir oqibatli jinoyatlarning oldini olish, sodir etilganlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlab, ularni bartaraf etishda mutasaddi davlat idoralari va jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
YAkunda qonunbuzarliklarning oldini olishda “mahallabay” va “fuqarobay” tarzida ishlash bo’yicha aniq choralar belgilab olindi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati