16 Oktyabr 2023 yil 1448

Yosh voleybolchilar bellashishdi


 Jizzax viloyati yoshlari o`rtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug`ullanishni targ`ib etish, sog`lom turmush tarzi bo`yicha hayotiy ko`nikmalarini shakllantirish va sportga bo`lgan qiziqishlarini yanada oshirish orqali sog`lom raqobatni yo`lga qo`yish borasida ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu ma’noda sport turlaridan musobaqlar tashkil qilinib, bu orqali o`g`il-qizlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish, kuch va mahoratlarini namoyish qilish imkoni yaratilayapti. Xususan, Jizzax viloyat voleybol federasiyasi hamda IIV “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Jizzax viloyat Kengashi, aloqador tashkilotlar hamkorligida 13-16 oktyabr kunlari voleybol bo`yicha 2006-2007 yillarda tug`ilgan o`g`il bolalar va qizlar o`rtasida viloyat kubogi musobaqasi o`tkazildi.

Musobaqada shahar va tuman bosqichlarida birinchilikni qo`lgan kiritgan 26 ta jamoa g`oliblik uchun kurashishdi. Qizlar o`rtasida kechgan bahslarda zarbdorliklarga teng kela oladigani topilmadi. Final o`yinda tuman voleybolchi qizlari g`allaorolliklarni mag`lub etib Respublika bosqichida qatnashish imkoniga ega bo`lishdi. Uchinchi o`rin esa Jizzax shahri jamoasiga nasib etdi.

Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni seleksiya qilish orqali professonal sport jamoalariga jalb etish, voleybol sportini ommalashtirishga qaratilgan musobaqaning o`g`il bolalar o`rtasidagi final uchrashuvida Sharof Rashidov va Paxtakor tumanlari yoshlari bellashishdi. Sharof Rashidov tumani voleybolchilarning bir-birlarini tushunib qilgan harakatlari natija berdi. Ular raqibning har bir xatosidan unumli foydalanib, yakunda 3:0 hisobida birinchilikni qo`lga kiritishdi. Finalda imkoniyatni qo`ldan boy bergan paxtakorlik yoshlar ikkinchi va Baxmal tumani voleybolchilari esa uchinchi o`rinni band etishdi.

Muobaqaning taqdirlash marosimida viloyat IIB boshlig`i, viloyat voleybol federasiyasi raisi, general-mayor G`ayrat Qodirov yosh voleybolchilar musobaqaning Respublika bosqichida ham viloyatimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonch bildirdi. Shundan so`ng kuchli uchlikdan o`rin olgan o`g`il bolalar va qizlar jamoalari viloyat ichki ishlar boshqarmasining medal, diplom va qimmatbaho sovg`alari bilan taqdirlanishdi.

Ta’kidlash joiz, musobaqaning Respublika bosqichi 29 oktyabrdan 5 noyabrgacha Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bo`lib o`tadi.

Text to speech