Yosh voleybolchilar kuch sinashmoqda
Jizzax viloyati yoshlari o’rtasida sportning voleybol turi bo’yicha Ichki ishlar vaziri kubogi uchun musobaqaning viloyat bosqichi o’tkazilmoqda. Mazkur musobaqa ochilishida viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov yurtimizda ommaviy sport turlarini rivojlantirish borasidagi ishlar, mazkur bellashuvlarning ahamiyati va shaxs kamolotidagi o’rni xususida to’xtaldi. SHuningdek, viloyatimizning yosh sportchilari qo’lga kiritayotgan yutuqlari e’tirof etilib, ishtirokchi o’g’il-qizlarga omad tiladi. SHundan so’ng musobaqaga start berildi.
Dastlabki uchrashuv qizlar o’rtasida bo’lib o’tdi. Unda g’allaorollik hamda zarbdorlik voleybolchilar kuch va imkoniyatlarini sinovdan o’tkazishdi. YAkunda ilk uchrashuv g’olibligi zarbdorlik qizlarga nasib etdi. O’g’il bolalar o’rtasidagi bellashuv Do’stlik hamda Zafarobod tumanlari voleybolchilari o’rtasida kechdi.
Ta’kidlash joiz, musobaqaning shahar va tuman bosqichida 17 yoshgacha bo’lgan jami 7 mingdan ziyod yoshlarni bir maqsad yo’lida birlashtirdi. Ushbu bosqichda g’oliblikni qo’lga kiritgan o’g’il bolalar va qizlardan iborat jamoalaro viloyat bosqichida faol qatnashayapti. Ikki kun davom etadigan sport tadbiri yakunida esa birinchilikni qo’lga kiritgan voleybolchilar keyingi bosqichda viloyatimiz sharafini himoya qiladi.
Aytish joiz, sport tadbiri mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida Ichki ishlar vazirining farmoyishi asosida tashkil etildi. YOshlar o’rtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug’ullanishni targ’ib etish, sog’lom turmush tarzi bo’yicha hayotiy ko’nikmalarini shakllantirish va sportga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirish orqali sog’lom raqobatni yo’lga qo’yish ko’zda tutilgan bellashuvda jamoalar aniq maqsad yo’lida birlashib, g’oliblik uchun astoydil kurash olib borishayotir. Jarayonda kuch-g’ayrat va shijoatlarini namoyish etishdi.