Yоshlar jinoyatchiligining oldini olish masalasi muhokamada
Joriy yilning 19 iyul’ kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tashkiliy masalalar va kadrlar bo’yicha Davlat maslahatchisining o’rinbosari Qahramon Quronboyev raisligida yoshlar o’rtasida jinoyatlarning oldini olish masalalariga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi o’tkazilib, barcha hududlarda yoshlar jinoyatchiligiga yo’l qo’ymaslik chora-tadbirlarini ishlab chiqish topshirig’i berilgan edi.
SHu ma’noda Jizzax viloyatining Forish tumanida hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashkilot va korxonalar mas’ullari hamda mahallalar beshliklari ishtirokida tadbir uyushtirildi. Tuman hokimligida o’tkazilgan yig’ilishda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov joriy yilning o’tgan davrida tuman yoshlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar xususida to’xtaldi.
SHuningdek, sodir etilgan qonunbuzarliklarning omillari, ularga imkon berayotgan shart-sharoitlar, ushbu illatni bartaraf etish yo’llari, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligi masalalariga e’tibor qaratildi.
Yig’ilishda Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari Akmal Savurboyev huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida qilinishi lozim bo’lgan masalalarga e’tibor qaratdi.
Tadbirda notinch oilalar hamda ota-onalari xorijda bo’lgan yoshlar bilan ishlash, jinoyat sodir etilishi mumkin bo’lgan hudud va ob’yektlarda nazoratni oshirish, tungi patrullikni tashkil qilish takliflari bayon etildi.
Xuddi shunday, Arnasoy tumanida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tuman hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tashkilot va korxonalar mas’ullari hamda mahallalar beshliklari ishtirokida muhokama qilindi. Yig’ilishda Jizzax viloyati IIB JXX HPB boshlig’i, polkovnik Ismoil Amonov joriy yilning o’tgan davrida Arnasoy tumani yoshlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Yig’ilishda ko’tarilgan masalalar bo’yicha tuman hokimi, tuman ichki ishlar bo’limi, yoshlar agentligi mas’ullari chiqish qildilar. O’z navbatida tumandagi tashkilot va korxonalar rahbarlariga biriktirilgan yoshlarning muammolarini hal etish bo’yicha qilingan ishlar tahlil etilib, bu borada kamchiliklarga yo’l qo’yganlar tanqid ostiga olindi.