Obodonlashtirish ishlarida har birimiz mas’ulmiz
Joriy yilda
Jizzax viloyatidagi 13 ta fuqarolar yig`inida “Obod mahalla”, “Obod ko`cha”,
“Obod xonadon” mezonlari asosida qurilish, ta’mirlash, ko`kalamzorlashtirish,
shuningdek, aholining turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar
amalga oshiriladi. Shu ma’noda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi
boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov hamda viloyat hokimining o`rinbosari
Hamid Hasanov mazkur hududlar aholisi bilan uchrashuvlar o`tkazib,
fuqarolarning takliflarini o`rganmoqda.
Jumladan, Sharof Rashidov tumanining
“Yaxtanlik” mahallasida aholi vakillari bilan uyushtirilgan muloqotda hududda
amalga oshirilishi ko`zda tutilayotgan bunyodkorliklar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, ta’mirlash yo`li bilan davlat tashkilotlari va muassasalari,
tadbirkorlik sub’ektlari binolari hamda turar joylarni zamonaviy ko`rinishga
keltirish, yangi savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalarini barpo etish, elektr
ustunlari va transfomatorlarni yangilash, yo`llarga asfalt yotqizish, piyodalar
yo`laklari qurishga oid rejalar bayon qilindi. O`z navbatida, fuqarolarning bu
boradagi takliflari o`rganildi.
Ana shunday muloqot Paxtakor tumanining
“Dilorom” mahallasida ham bo`lib o`tdi. Hududni obodonlashtirishga oid rejalar
tilga olinar ekan kommunal xizmat sifatini yaxshilash masalasiga alohida
e’tibor qaratildi. Aholini ish bilan ta’minlash, yangi tadbirkorlik
sub’ektlarini yuzaga keltirish, o`zini o`zi band etishga qaratilgan
tashabbuslar har jihatdan qo`llab-quvvatlanishi bildirildi. Xuddi shunday, bu
ishga barcha o`z hissasini qo`shishi ma’lum qilindi.
Mas’ullar “Obod
mahalla” dasturi izchillik bilan amalga oshirilayotgan Zafarobod tumanining
“Cho`liguliston” mahallasida ham bo`lishdi. Ayni vaqtga kelib, bu erda
chiqindilarni tashib chiqish hamda zovurlarni tozalash nihoyalanish arafasida.
Yo`llar, piyodalar yo`laklari qurish, elektr ustunlari o`rnatish, er tekislash,
devorlar barpo etish qizg`in tus olgan. Mazkur jarayon bilan tanishgan
mutasaddilar ish sur’atini oshirish hamda moliyalashtirish bilan bog`liq
masalalarni muhokama qildilar.
Shu kuni viloyat hokimining o`rinbosari Hamid
Hasanov hamda 3- sektor rahbari G`ayrat Qodirov G`allaorol tumanining “Qangli”
mahallasida ham bo`ldi. Joriy yilda mazkur aholi punktida “Obod mahalla”
dasturi asosida bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Shu ma’noda tuman
rahbariyati bilan qilinajak yumushlarga oid muloqot o`tkazildi.