10 Sentyabr 2024 yil 3255

Faoliyat tahlil qilindi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida soha vakillarining joriy yilning 8 oyi davomida qonunbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyati muhokama qilindi. Video aloqa tarzida boshqarma, bo`limlar, sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari va ularning o`rinbosarlari ishtirokida uyushtirilgan yig`ilishni boshqarma boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov boshqarib bordi.

Tadbirda mavzu yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`ining o`rinbosarlari Farhod To`ychiev, Azizbek Habibullaev hamda Rahmatulla Bo`rievning hisobotlari tinglandi. Mazkur jarayonda Do`stlik, Zarbdor, Zomin, Mirzacho`l, Forish, Yangiobod tumanlarida ayrim turdagi jinoyatlar ortganligi qayd etildi. Shuningdek, jamoat joylarida yuz bergan qonunbuzarliklar, yo`l-ulov hodisalari, yoshlar, voyaga etmaganlar va ayollar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar hamda jinoyatlarni fosh etish borasida yo`l qo`yilgan kamchiliklar tahlil etildi.

O`z navbatida barcha shahar va tumanlar ichki ishlar boshqarma va bo`limlari boshliqlarining ko`tarilgan masalalar yuzasidan hisoboti tinglandi hamda jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, tungi xizmatni kuchaytirish, profilaktik tadbirlarni jonlantirish, jinoyatlarni fosh qilishda ilg`or texnologiyalarni qo`llash kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Yig`ilishda joriy yilning 27 oktyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligi uchun o`tkaziladigan saylovlarga jamoat xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan tayyorgarlik ko`rish hamda tez kunlarda boshlanajak paxta terimi mavsumida osoyishtalikni ta’minlash va yo`l-ulov hodisalarining olish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Text to speech