Zafarobod tumanida ochiq sayyor sud o’tkazildi
Zafarobod tumanidagi 30-son manzil koloniyasida Jinoyat ishlari bo’yicha Zafarobod tuman sudining ochiq sayyor sud majlisi o’tkazildi. Sudda 15 nafar mahkumning ishi ko’rilib, ularning iltimosnomalari qanoatlantirildi.
Bag’rikenglik, adashganni kechirish va unga to’g’ri yo’l ko’rsatish xalqimizga xos bo’lgan qadriyatlardan sanaladi. Ushbu insonparvarlik tamoyili sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasi o’laroq yanada keng quloch yoymoqda. CHunonchi, joylarda sayyor sud majlislari o’tkazilib, qilgan ishidan chin ko’ngildan pushaymon va tuzalish yo’liga o’tgan mahkumlar muddatidan oldin ozodlikka chiqarilayapti. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti uchinchi mintaqaviy hudud 30- son manzil koloniyasida shunday sayyor sud o’tkazildi. Navro’z bayrami arafasida o’tgan sudda 15 nafar mahkumning jazo muddatini yengilrog’i bilan almashtirish hamda yana 2 nafarining muddatidan ilgari shartli ozod qilishni so’rab yozgan iltimosnomalari ko’rib chiqildi.
Aytish joizki, manzil koloniyada ma’naviy-tarbiyaviy ishlar olib borilishi natijasida ishi ko’rilayotgan mahkumlar axloqan tuzalish yo’liga o’tgan. Jazo turlari uchun o’rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, ishda o’zini yaxshi tomonlama ko’rsatgan. Sudda ular koloniya tomonidan ijobiy tavsiflanganligi inobatga olindi va iltimosnomalari qanoatlantirildi.
Sayyor sud profilaktik tadbir bilan davom etdi. So’zga chiqqanlar ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlari jazo turlari uchun o’rnatilgan tartib va qoida talablarini bajarish, mehnatga halol munosabatda bo’lish, kelgusida takror jinoyat sodir etmasligi, jamiyatda o’z o’rinlarini topish hamda berilgan imkoniyatdan to’g’ri xulosa chiqarish kerakligi ta’kidlandi. Qisqasi, mazkur sayyor sudda ishi ko’rilgan mahkumlar takror qonunbuzarlik sodir etmasdan oilasi bag’rida jamiyat taraqqiyotiga hissa qo’shishlariga ishonch bildirildi.