30 Mart 2022 yil 1597

Zafarobodda jinoyat muhokama o’tkazildi

Zafarobod tumani CHimqo’rg’on mahallasida yuz bergan mudhish qotillik jinoyati tuman faollari va yoshlar ishtirokida muhokama qilindi. Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha 3- sektor shtabida o’tgan yig’ilish Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasi tomonidan uyushtirildi. Tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash borasidagi ishlar xususida so’z yuritdi. SHuningdek, joriy yilning o’tgan davri mobaynida sodir etilgan qonunbuzilishlar mahallalar kesimida tahlil etilib, qotillik jinoyati tafsilotlari bayon etildi.

Ta’kidlanganidek, shu yilning 25 mart kuniga o’tar kechasi CHimqo’rg’on mahallasida yashovchi turmushidan ajrashgan ayol yashash uyida Nurafshon shaharchasida istiqomat qiluvchi yigit bilan spirtlik ichimlik iste’mol qilib o’tirishgan. Uy bekasining shu mahallada yashovchi ikki ukasi bundan xabar topishib, xonadonga keladi va hovlida bo’lgan armatura bo’lagi bilan mehmonning chap chakka sohasiga, so’ng oshxona pichog’i bilan chap qo’ltiq ostiga urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.

Muhokamada bir insonning o’limiga sabab bo’lgan omillar tahlil qilindi, oqibatlari tushuntirildi. Mahalla faollari va nuroniylar holat yuzasidan fikrlarini bildirib, shu kabi mudhish holat takrorlanmasligi, qonunbuzilishlarga qarshi barcha birdek kurashishlari lozimligini ta’kidladilar.

Tadbirda ishsiz aholi qatlami bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy muhofazalash, ona va bola salomatligini saqlash, yoshlarning iste’dodlarini yuzaga chiqarish, bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazish, hududda ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni qo’llab-quvvatlash lozimligi aytildi.

Yig’ilishda shu kabi mudhish holatlarning oldini olish hamda jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni jilovlash bo’yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Text to speech