Zarbdorliklar bilan ochiq muloqot o’tkazildi
Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirov Zarbdor tumani “Oybek” MFY sayyor qabul o’tkazdi. Qabul avvalida viloyat 3- sektor rahbari tashkil etilgan bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur yarmarkada tumandagi korxona va tashkilotlar mavjud bo’sh ish o’rinlarini taklif etishdi.
SHuningdek, qabul doirasida 3- sektor hududidagi mahallalarda yashovchi besh kishiga nogironlik aravasi va eshitish moslamasi, “Ayollar daftari” hamda “YOshlar daftari”da ro’yxatda turgan bir necha xotin-qizlar va yoshlarga o’zini-o’zi band qilishi uchun subsidiya asosida tikuv moshinkasi va uskunalar, haydovchilik guvohnomasi uchun to’lov o’tkazilganligi haqidagi sertifikatlar topshirildi. Bir guruh ehtiyojmand oilalar esa viloyat ichki ishlar boshqarmasining homiylik yordami ko’rsatilib, faol va tashabbuskor yoshlar faxriy yorliq hamda sovg’alar bilan taqdirlanishdi.
Sektor rahbarining aholi va yoshlar bilan muloqotida “Oybek”, “Ravot”, “YAngihayot” mahallalarida istiqomat qiluvchi 20 nafarga yaqin fuqarolar tomonidan qator muammolar ko’tarildi. Xususan, Islom Mamatqulov salomatligini tiklash, Matluba Nuraliyeva Oqbuloq ko’chasiga yog’ingarchilik oqibatida yig’iladigan sizot suvlarini bartaraf etish, elektr energiya quvvatini oshirish, Hamid Abduvaitov xonadonini tabiiy gaz tarmog’iga ulashda ko’mak so’rashdi. SHuningdek, Zarifa Egamqulova aliment pullarini undirish, Mahfuza Isroilova bolalar nafaqasi olish, Umida Qoraboyeva kadastr hujjatini rasmiylashtirish, elektr, tabiiy gaz va ichimlik suvi hisoblagichlarini o’rnatish ishlarida yordam zarurligini bayon etishdi. Mahallaning Oybek ko’chasini asfal’t qilish haqidagi masala ham mas’ullar ishtirokida o’rganilib, uni hal etish bo’yicha zarur choralar belgilandi.
Muloqot davomida salomatlik, avtomobil harakatini tartibga solish, ichimlik suvi nasoslarini ta’mirlash, oliy ta’lim uchun shartnoma pulini to’lash kabi masalalarga yechim izlandi. Har bir masala tegishli viloyat va tuman tashkilotlari mas’ullari ishtirokida ko’rilib, ularning ijrosini ta’minlash bo’yicha sektor rahbarlari va tegishli idoralar mas’ullari hamda hokim yordamchilariga topshiriqlar berildi.
SHu kuni ishchi guruh tomonidan 3- sektor hududidagi ehtiyojmand oilalarni qo’llab-quvvatlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar bilan ham tanishildi.
Ta’kidlash joiz, tumanning “Do’stlik” mahallasidagi hokim yordamchisining tavsiyasi bilan Manzura To’raqulova hozirda nafaqat ish bilan band, balki oila iqtisodini yaxshilashga ham erishganlardan. “Do’stlik tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan oilaga shu yilning aprel oyida 700 bosh bedana olib kelib berilgan edi. Bugun ularning soni 2 yarim mingtani tashkil etayapti. Har kuni 2 mingta tuxum yetishtirilib, kamida 500 ming so’m daromad olishga erishildi.
O’zbekiston Respublikasi hunurmandlar uyushmasi a’zosi Barno Qodirqulova esa “CHevar qizlar” tikuvchilik o’quv kursini ochib, shogirdlariga hunar o’rgatmoqda. Hozirda 10 nafar shogirdlar bichuvchilik va tikuvchilikni o’rganishayotgan bo’lsa, yana 5 nafar mahalla xotin-qizlari doimiy ish bilan band. Boisi bu yerda kasanachilik asosida ishlab chiqarish ham yo’lga qo’yilgan. Mahsulotlar shartnoma bo’yicha buyurtmachilarga yetkazib berilayotir.
Qisqasi, o’tkazilayotgan sayyor qabullar davomida aholini qiynayotgan masalalarga mas’ullarning e’tibori qaratilayapti. Pirvardida mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va fuqarolar bandligini ta’minlash orqali aholi farovonligiga erishilmoqda.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati