Faoliyat tahlil qilindi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida soha vakillarining joriy
yilning o`n oyi davomida qonunbuzarliklarning oldini olish hamda
jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid faoliyati muhokama qilindi. IIB
rahbariyati, mustaqil boshqarmalar, sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki
ishlar boshqarma va bo`limlari mas’ullari ishtirokida o`tgan yig`ilishni
viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i, general-mayor G`ayrat Qodirov
boshqarib bordi.
Videoaloqa tarzida kechgan tadbir avvalida umumiy jinoyatchilik tahlil
qilinib, kamchiliklarga yo`l qo`yganlar tanqid ostiga olindi. Chunonchi,
Zarbdor, Arnasoy, Mirzacho`l va boshqa bir necha tumanlarda ayrim turdagi
jinoyatlarning oshganligi qayd etildi. Shuningdek, “Xavfsiz hudud – dolzarb 50
kun” maxsus profilaktik tadbirini samarali tashkil qilish, jamoat xavfsizligini
ta’minlash, yo`l-ulov hodisalarining oldini olish, profilaktika
inspektorlarining faoliyatini kuchaytirish, jinoyatlarni qisqa muddatlarda fosh
etish singari masalalarga e’tibor qaratildi.
O`z navbatida, sohaviy xizmatlar va hududiy ichki ishlar boshqarma va
bo`limlari mutasaddilarining hisobotlari tinglanib, ularga kriminogen vaziyatni
o`nglash yuzasidan topshiriqlar berildi. Shuningdek, mamlakatimiz
Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag`alikdan farovonlik sari”
dasturini amalga oshirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar
to`g`risida”gi qarori yuzasidan qilingan ishlar ko`rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, 3- sektordagi mahallalarda yashovchi 25 ming 306
kishi kambag`allikdan chiqarilgan. Bunga 8 milliard 302 million so`m kredit, 1
milliard 937 million so`m subsidiya ajratilishi, 3 ming 584 kishini doimiy, 4
ming 320 kishini mavsumiy ish o`rinlari bilan ta’minlash, 817 kishini
kasb-hunarga o`qitish, 573 kishini tadbirkorlikka yo`naltirish kabi
chora-tadbilar natijasida erishilgan.
Yig`ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini hayotga tatbiq qilish
masalasi ham muhokama qilindi. Ma’lumot o`rnida aytish kerak, bu yil kuzda
ichki ishlar organlari xodimlari 5 ming tup mevali daraxtga ega bog`larni
yuzaga keltirishni rejalashtirishyapti. Shu ma’noda sug`orish tizimlari
tortish, zaruriy agrotexnik tadbirlarni bajarish yuzasidan topshiriqlar
berildi. Yig`ilish yakunida ko`tarilgan barcha masalalar bo`yicha vazifalar
belgilab olindi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.