O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Z.Kurbanov Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar
vaziri o`rinbosari, polkovnik Zufar Kurbanov Jizzax viloyatida
jinoyatchilikning ahvoli, bu borada belgilangan vazifalar va tizim
xodimlarining mazkur yo`nalishda olib borayotgan ishlarini o`rganmoqda. Dastlab
viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati faoliyati bilan tanishdi.
Shuningdek, “102” avtomatlashtirilgan ma’lumotlar tizimi, boshqarma qoshidagi
tezkor qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo`linmasi hamda tarixiy muzeyini ham
ko`zdan kechirdi.
Qayd etish lozimki, “102”
avtomatlashtirilgan ma’lumotlar tizimiga qilingan har qanday qo`ng`iroq bugungi
kunda hududiy ichki ishlar bo`limlari navbatchilik qismlari tomonidan emas,
balki, viloyat ichki ishlar boshqarmasidagi mazkur tizimi orqali qabul
qilinadi. Zamonaviy aloqa va axborot qurilmalari bilan ta’minlangan tizimda har
bir murojaat ro`yxatga olinib, tegishliligi bo`yicha hududiy ichki ishlar
organlarining navbatchilik qismlariga etkaziladi. Bu o`z o`rnida tezkor tergov
guruhining voqea joyiga qisqa muddatda etib borishi, jinoyatlarni issiq izidan
fosh qilish yoki sodir etilishi mumkin bo`lgan qonunbuzarliklarning oldini
olish imkonini beradi.
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar
vaziri o`rinbosari Jizzax viloyatida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini
olish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, odamlarning munosib turmush
kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, hududlarda kriminogen vaziyatni
yaxshilashborasidagi o`rganishlari davom etmoqda.