26 Fevral 2022 yil 651

Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi amalga oshiriladi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar doirasida aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, jamoat xavfsizligini ta’minlash yo’nalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan o’zaro maqsadli hamkorligi yo’lga qo’yildi. SHu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar mas’ul davlat tuzilmalariga o’z faoliyatini “Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor g’oya asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda.

Zarbdor tumani ichki ishlar bo’limida o’tkazilgan yig’ilishda ana shular xususida so’z borib, O’zbekiston  Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonining mazmun-mohiyati, ushbu hujjatda ko’rsatib o’tilgan jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar haqida to’liq tushuntirishlar berildi.

SHu kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo’yicha tuman idoralararo komissiyasining yig’ilishi ham bo’lib o’tdi. Tadbirda komissiya ishchi guruhi va a’zolari tomonidan yo’l qo’yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi. Hududda jinoyatchilikning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo’yicha mas’ullarga aniq va maqsadli topshiriqlar berildi. SHuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va jamoatchilik vakillari tomonidan hamkorlikda qilinadigan vazifalar belgilab olindi.

Text to speech