23 Dekabr 2021 yil 583

Jinoyat jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi

Forish tumanining Osmonsoy mahallasida hamqishloqlar o’rtasida ichkilik sabab kelib chiqqan janjal oqibatida bir kishi og’ir tan jarohati olgan. Mazkur qonunbuzarlik keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan tadbirda Osmonsoy mahalla aholisi ishtirok etdi. Yig’ilish avvalida hududda joriy yilning o’tgan davrida sodir etilgan qonunbuzarliklar xususida so’z bordi. Ularning kelib chiqish sabablari, yo’l qo’yilgan omillar tahlil qilindi. SHuningdek, og’ir tan jarohati bilan bog’liq jinoyat tafsilotlari ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, Osmonsoy mahallasida yashovchi fuqaro to’ydan qaytayotgan vaqtda 3 nafar hamqishlog’i bilan janjallashadi va og’ir tan jarohati oladi. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni Balandosmon qishlog’ida yashovchi fuqaro sodir etganligi aniqlandi. Muhokamada mazkur jinoyatning oqibatlari xususida so’z borib, har qanday jinoyatga jazo muqarrar ekanligi uqtirildi. SHuningdek, bugungi kunda ko’pchilikning befarq va loqayd bo’lib kun kechirishga o’rganib qolganligi, atrofida bo’layotan hodisalarga “menga nima” qabilida ish tutayotganliklari keskin qoralandi. Bu kabi jinoyatlarning oldini olish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi deb qaralmasdan, mahalla va jamoatchilik vakillari ham bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishlari kerakligi qayd etildi.

Tadbirda 6 ming yuz nafarga yaqin aholi istiqomat qiladigan mahallada oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, notinch va farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi oilalar, spirtli ichimliklar iste’mol kilishga ruju qo’ygan shaxslar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar jinoyatchiligining barvaqt oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Text to speech