Jinoyatchilikka qarshi kurashish tahlil etildi
SHarof Rashidov tumanida joriy yilning dastlabki ikki oyida sodir etilgan jinoyatlar tahlil etilib, kelgusida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini mustahkamlash borasida qilinadigan ishlar belgilab olindi.
Yig’ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari, polkovnik Jo’rabek Xojanov hududda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash xususida so’z yuritdi. SHuningdek, joriy yilning o’tgan ikki oyi davomida sodir etilgan jinoyat turlari, ularning sodir etilish sabablari mahallalar kesimida tahlil qilindi.
Tadbir davomida tezkor-qidiruv faoliyati kuch va vositalaridan samarali foydalanish, aholining huquqiy bilimini oshirish, har qanday jinoyatga jazo muqarrarligini tushuntirish maqsadida targ’ibot tadbirlarini kuchaytirish kerakligi qayd etildi. Bundan tashqari qonunbuzarliklarning oldini olish va samaradorlikka erishishda mutasaddi va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi tilga olindi.
SHaxsning hayoti, sog’lig’iga qarshi, tan jarohati yetkazish bilan bog’liq, ayniqsa oila turmush doirasidagi og’ir turdagi jinoyat va ma’muriy huquqbuzarliklar bo’yicha manzilli profilaktik tadbirlarni kuchaytirish bo’yicha olib borilayotgan ishlar ham atroflicha muhokama etildi. Aholi muammolarini aniqlashda “fuqarobay” va “mahallabay” tarzda ishlash, ushbu masalalarni o’z vaqtida hal etishda kerakligi tushuntirildi.
Yig’ilishda shaxsiy tarkib o’rtasida qonuniylik va xizmat intizomini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy ko’nikmalarini oshirib borish, fuqarolar bilan xushmuomalada bo’lish, tamagirlik va boshqa salbiy holatlarga yo’l qo’ymaslik zarurligi uqtirildi va kelgusida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini mustahkamlash borasida qilinadigan ishlar belgilandi.