16 Noyabr 2023 yil 2343

Jinoyatchilikning barvaqt oldini olish yo`lida

Jizzax shahri hamda Sharof Rashidov tumanida “Xavfsiz tun” tadbiri doirasida jamoat tartibini saqlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o`tkazilmoqda. Mazkur tadbirga jalb etilgan ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun yo`riqnoma o`tildi.

Jarayonda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari podpolkovnik Rahmatulla Bo`riev fuqarolar osoyishtaligini saqlash, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berdi.

Shundan so`ng xodimlar aholi xonadonlarida fuqarolar bilan muloqot qilishdi. Jarayonda ro`yxatda turish qoidasiga rioya etilishi, tabiiy gaz va elektr energiyasidan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qilish lozimligi tushuntirildi.

Har qanday qonunbuzilishiga guvoh bo`lganda zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar berish, ogoh va hushyor bo`lish lozimligi ta’kidlandi. Shu bilan birga fuqarolarning mavjud masalalariga ham e’tibor qaratildi. Mavjud muammolari tinglanib, ko`tarilgan masalalar mutasaddilarga etkazildi.

Bundan tashqari xonadonlarni kuz-qish mavsumiga shay holatga keltirish, is gazi bilan bog`liq ko`ngilsiz holatlardan ogoh bo`lish kerakligi tushuntirildi. Qisqasi mazkur tadbirlar orqali qonunbuzarlik sodir etilishiga sabab bo`luvchi omillar bartaraf etilayapti.

Text to speech