Jismoniy imkoniyatlar sinovdan o’tkazildi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog’lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda SHarof Rashidov tumanidagi harbiy qism hamkorligida tashkil etilgan harbiy vatanparvarlik ko’pkurash musobaqasida 4 ta jamoa vakillari o’zlarining jismoniy va jangovor tayyorgarliklarini sinovdan o’tkazdilar.
Xususan, jangovar qurolni qismlarga ajratish va yig’ish, bir kilometr masofaga yugurish, gazniqobda harakatlanish, yuk avtomobili g’ildiragini manzilga yetkazish, arqon tortish, tosh ko’tarish, to’sinlar osha yugurish kabi estafeta shartlari asosida imkoniyatlar baholandi. Musobaqa ishtirokchilarining jismoniy salohiyati, ruhiy jihatdan chiniqqanligi hamda birdamlikda harakatlanishlari kabi xususiyatlar hakamlar diqqat markazida bo’ldi.
Tadbir davomida O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022 yil 23 maydagi ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirishga oid farmoyishida belgilab berilgan vazifalarga ham to’xtalib o’tildi. SHu kuni jamoalar o’rtasida mini futbol musobaqasi ham bo’lib o’tdi.
Qizg’in kechgan bahslarda birinchi o’rinni harbiy xizmatchilarning “Qalqon” jamoasi egalladi. Ikkinchi o’rin viloyat ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlarining “Tinchlik” jamoasiga nasib etdi, keyingi o’rinni harbiy xizmatchilardan tarkib topgan “CHegarachilar” jamoasi qo’lga kiritdi.