Jizzax davlat pedagogika universitetida sportni rivojlantirish va sohada korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi
Jizzax davlat
pedagogika universitetida sportni rivojlantirish va sohada korrupsiyaga qarshi
kurash masalalariga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Viloyatdagi sport
tashkilotlari, federasiyalar, maktab va muassasalar rahbarlari, murabbiylar,
terma jamoalar a’zolari hamda prokuratura, ichki ishlar organlari, DXX, adliya
tizimlari mas’ullari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda joriy yilning 5
martida uyushtirilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi
yig`ilishida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini
ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
O`z navbatida, viloyat
prokurori sport tashkilotlari va muassasalarida o`tkazilgan tekshiruvlar
natijalari haqida ma’lumot berdi. Mazkur jarayonda byudjet mablag`larini
talon-taroj qilish, boshqa hududda yashovchi sportchilar erishgan natijalarni
o`ziniki qilib ko`rsatish orqali ustama olish holatlari aniqlagani bildirildi.
Xuddi shunday, mashg`ulotlar sifati, ijtimoiy himoya, yoshlarni
qo`llab-quvvatlash, seleksiya borasidagi kamchiliklar tilga olindi.
Ko`tarilgan masalalar
yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i va boshqa huquqni muhofaza
qiluvchi organlar mas’ullari, shuningdek, murabbiy va sportchilarning fikr va
mulohazalari tinglandi. Yakunda mavjud nuqsonlarni bartaraf etish, chunonchi,
korrupsion holatlarga barham berishga oid yo`l xaritasini ishlab chiqish va
hayotga izchillik bilan tatbiq etishga kelishib olindi.