Jizzax ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan maktabda “So`nggi qo`ng`iroq” yangradi
Mamlakatimizning boshqa o`quv muassasalarida bo`lgani kabi Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi 12- sonli maktabda ham bugun “So`nggi qo`ng`iroq” tadbiri “Ilm eng buyuk sharaf” shiori ostida o`tkazildi. Ma’lumot o`rnida aytish kerak, ushbu o`quv dargohi Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan. Shu ma’noda boshqarma boshlig`i mazkur tadbirda hozir bo`ldi va tantana ishtirokchilariga davlatimiz rahbarining bitiruvchilarga yo`llagan tabrigini o`qib, eshittirdi.
So`ng o`quvchilari fan
olimpiadalari, sport musobaqalari hamda xorijiy tillarni o`rganish borasida
yuqori natijalarga erishgan muallimlar mehnati e’tirof etilib, ularning 14
nafariga faxriy yorliqlar topshirildi. Shuningdek, pensiya yoshiga etgan 4
nafar o`qituvchiga estalik sovg`alari berildi.
O`z navbatida, bilim olish borasida tengdoshlariga o`rnak bo`lgan
o`quvchi va bitiruvchilar rag`batlantirildi.
Tadbir davomida o`quvchilar tomonidan namoyish etilgan “Xayr maktabim!”
badiiy kompozision dasturi yig`ilganlar ko`ngliga iliqlik baxsh etdi. Nihoyat,
2025 o`quv yili nihoyalanganligini sezdirgan, bitiruvchilarni oliy o`quv
yurtlarida ilm cho`qqilarini zabt etishga, kasb-hunar egallashga undovchi
qo`ng`iroq yangradi.
Kezi kelganda aytish kerak, bugungacha viloyat ichki ishlar boshqarmasi
ko`magida maktabdagi yo`l harakati qoidalari sinfi ko`rgazmali qurollar, yo`l
belgilari, maketlar, televizor va boshqa elektron vositalar bilan jihozlandi.
Xuddi shunday, maktab hovlisida zamon talablariga mos yo`l harakati maydonchasi
yuzaga keltirildi.
Ana shu tarzda chaqiriqqa qadar boshlang`ich tayyorgarlik xonasi ham
harbiy xizmatga oid o`quv qurollari va ko`rgazmali vositalar bilan ta’minlandi.
Saf hamda vortkout maydoni foydalanishga
topshirildi. Shuningdek, sport zali ta’mirdan chiqarilib, Ichki ishlar
vazirligi tomonidan o`quvchilarga 22 turdagi 132 ta sport anjomlari
topshirildi.
Qolaversa, kutubxona va o`quv zalini bunyodga keltirish maqsadida
rekonstruksiya va ta’mir ishlari bajarilmoqda. Mos ravishda ushbu kutubxonaga
ming dona badiiy adabiyotlar olindi. Bundan tashqari, oqova tarmog`i ishga
tushirildi. Maktabning tevaragiga 196 metr uzunlikda beton devorlar o`rnatilib,
mavjud devorlar ta’mirlanayotir.
Yozgi ta’til davomida binoning ichki qismi ta’mirlanadi. Xuddi shunday,
xavfsizlikni ta’minlashga oid tadbirlar amalga oshiriladi. Qisqasi, otaliqqa
olingan maktabda ta’lim sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar davom
etadi.