18 Mart 2021 yil 1067

Jizzax shahrida sakkiz nafar shaxs muddatidan avval ozod etildi

Odamzod borki adashadi. Ushbu xatodan to’g’ri xulosa chiqarish esa kishining o’ziga bog’liq. Imkoniyatdan foydalanmaslik hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Ichki ishlar organlari probatsiya guruhida nazoratda turgan shaxslar ishtirokida tashkil etilgan tadbirning asosiy maqsadi ham ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishining oldini olishga qaratildi.

O’zbekiston milliy universiteti Jizzax fililalida o’tgan yig’ilishda Jizzax viloyati prokurori o’rinbosari Barno Umarova jazoni ijro etish chog’ida mavjud qoidalarga rioya etish, belgilangan tartibni buzganlik uchun huquqiy jazo choralari ko’rilishi, ahloqan tuzalish yo’liga o’tgan mahkumlarga qonunchilikka asosan yengil jazo turlari qo’llanilishini tushuntirdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Jizzax shahrida 120 nafar shaxs axloq tuzatish, 11 nafar shartli hukm qilingan, 40 nafari muayyan huquqdan mahrum va 82 nafari ozodlikni cheklash jazosini o’tamoqda. Joriy yilning o’tgan davri mobaynida Jizzax shahar ichki ishlar organlari probatsiya guruhida nazoratda bo’lgan 8 nafar shaxs belgilangan qoidalarga amal qilmaganligi bois qolgan jazo muddatini panjara ortida o’tkazishga majbur bo’ldi.

Tadbir jinoyat ishlari bo’yicha Jizzax shahar sudining sayyor sud majlisi bilan davom etdi. Sudda to’qqiz nafar ozodlikni cheklash hamda ahloq tuzatish ishlari jazosini o’tayotgan mahkumlarning ishi ko’rib chiqildi. Aytish kerak, sudga chaqirilganlar jazoni o’tash tartib-qoidalariga qat’iy bo’ysunib, o’nglanish yo’liga kirganliklarini amalda isbotlashgan. SHu bois ulardan sakkiz nafari muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi. Bir nafarining jazosi yengiliga almashtirildi. Bu orqali xalqimizga xos bo’lgan kechirimlilik, bag’rikenglik kabi qadriyatlar yana bir bor bo’y ko’rsatdi desak mubolag’a bo’lmaydi. O’z navbatida Navro’z umumxalq bayrmi arafasida ularning oilalariga quvonch ulashildi.

Tadbir so’nggida psixologlarning nazorat ostidagi shaxslar bilan suhbati uyushtirildi. Muloqotda mahkumlarning harakater xususiyatlari o’rganilib, tavsiyalar berildi.

 

Jizzax viloyat IIB axborot xizmati

Text to speech