Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida 8 dekabr’ - O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o’tkazildi
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari munosib nishonlashdi. SHu munosabat o’tkazilgan tantanali tadbirda boshqarma boshlig’i o’rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, xodimlar hamda faxriylar ishtirok etishdi.
Dastlab, sahnaga O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i olib kirildi va Davlat madhiyasi yangradi. SHundan so’ng, Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov barchani bayram bilan qutladi. SHuningdek, Konstitutsiyaning barcha bo’lim va moddalari mustaqil Vatanimizning milliy qadriyatlarini tiklash, inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, milliy va diniy qadriyatlar va vijdon erkinligi hamda oilada mustahkam muhitni ta’minlash, Vatanimiz milliy-madaniy meroslaridan oqilona foydalanishini belgilab berish, millatlar va elatlar, xalqlar o’rtasida o’zaro hamkorlik, bag’rikenglik, do’stona munosabatlarni yaxshilash kabi ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilganligi qayd etildi.
Tantanali tadbir davomida viloyat IIB boshlig’ining o’rinbosarlari, tumanlar IIB boshliqlari hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda faxriylarga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan “O’zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonlari topshirildi.
SHu bilan birga ichki ishlar organlari xodimlari o’rtasida bo’lib o’tgan “Konstitutsiya bilimdoni” ko’rik-tanlovi g’oliblari Arnasoy tumani IIB huzuridagi tergov guruhi surishtiruvchisi, leytenant X.Islomova, SHarof Rashidov tumani IIB huzuridagi tergov guruhi surishtiruvchisi, leytenant Javlon Aralov, Zafarobod tumani IIB JXX HPB XQMB katta inspektori, leytenant Kamola Qilichovalar diplom va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandi.