Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning 25 oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Aziz hamkasblar, qadrli faxriylar, yurt tinchligi va el osoyishtaligini ta’minlashdek ezgu ishga o’z hissasini qo’shayotgan fidoyi do’stlar! Barchangizni bugungi qutlug’ sana - 25 oktyabr - Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman!
So’zim avvalida har bir yurtdoshimiz sizning jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishdek sharafli va mas’uliyatli faoliyatga o’z hayotiningizni baxshida etayotganingizni yaxshi anglashi va qadrlashini yana bir bor eslatmoqchiman. SHu ma’noda kunni tunga ulab, mas’uliyat va sergaklik bilan Vatan va xalq oldidagi burchini sharaf bilan bajarayotgan xodimlarga, hurmatli faxriylarimiz va xizmat burchini bajarish chog’ida halok bo’lgan hamkasblarimizning oila a’zolariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Yaxshi ma’lumki, so’nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda bo’lgani singari ichki ishlar organlari tizimida ham ulkan o’zgarishlar yuz berdi. Xususan, ichki ishlar organlari xodimlari uchun inson hukuqlari va erkinliklarini ta’minlash eng asosiy vazifa qilib belgilandi. Bu jihat barchamizga alohida mas’uliyat yuklaydi.
Ya’ni muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo’lsin”. Bugun ana shu ezgu g’oya hayotimiz va xizmatimizning shioriga aylanmog’i joiz. Shunda yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligining ortishiga munosib hissa qo’shgan bo’lamiz.
Yana ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda soha vakillarining samarali faoliyat ko’rsatishlari uchun hamma sharoitlar yaratilmoqda. Xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash borasida ham havas qilgulik tadbirlarga qo’l urilayotir.
O’z navbatida har birimiz oldimizga qo’yilgan vazifalarni yuksak darajada bajarishimiz, fidoyilik va vatanparvarlik namunalarini ko’rsatishimiz, bor kuch va g’ayratimizni safarbar etishimiz lozim.
Qadrli hamkasblar!
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog’lik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman. Jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek mas’uliyatli va sharafli xizmatlaringizda zafarlar yor bo’lsin.
Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin!