20 Oktyabr 2023 yil 2392

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasiga qarashli bolalar bog`chasi foydalanishga topshirildi

Jizzax viloyati IIBga qarashli 40- sonli MTT kapital ta’mirdan chiqarildi. Shu munosabat bilan muassasada tantanali tadbir o`tkazildi. Ichki ishlar organlari xodimlari, soha faxriylari, tarbiyalanuvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etgan ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi IIV o`rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhammedov soha xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash borasidagi ishlar xususida so`z yuritdi. Shuningdek, kelajagimiz egalarining orzu-intilishlari, qobiliyatini ro`yobga chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar soha xodimlarining farzandlari sifatli ta’lim-tarbiya olish imkoniyatini yanada kengaytirishini ta’kidladi.

Tadbirda so`zga chiqqan faxriylar mazkur ta’lim dargohida tarbiyalanayotgan bolajonlar barkamol inson bo`lib voyaga etishiga ishonch bildirishdi. Shundan so`ng, ramziy bog`ich qirqilib, tadbir qatnashchilari muassasada yuzaga keltirilgan qulayliklar bilan tanishishdi.

Ma’lum qilinishicha, muassasada bir yildan ziyodroq vaqt davom etgan ta’mir ishlari natijasida yosh avlodning ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur sharoit yaratildi. 310 o`rinli muassasa 12 ta mashg`ulot xonasi va yana shuncha yotoqxonaga ega. Mazkur xonalar barcha zaruriy anjom va o`quv qurollari bilan ta’minlangan. Hovlida cho`milish havzasi, 2 ta sport maydonchasi hamda yo`l harakati xavfsizligi maydoni mavjud. Binoning ichki qismida musiqa xonasi, 2 ta sport zal bor. Zallardan biri yo`l harakati xavfsizligi qoidalarini o`rgatishga ixtisoslashtirilgan. Ushbu qulayliklarni ko`zdan kechirgan Ichki ishlar vaziri o`rinbosari hamda mas’ullar, ota-onalar va soha xodimlariga tarbiyalanuvchilar tomonidan badiiy dasturlar namoyish etildi. O`z navbatida bolajonlar o`yinchoqlar bilan taqdirlanishdi.

Muassasa imkoniyatlariga mos ravishda oshxona ham qulay va shinam. Shuningdek, logoped, psixolog kabi xodimlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

MTT pedagogik jamoasi kelgusida 2 yoshdagi bolalar uchun qo`shimcha guruhlar ochish, bolalarning bilim darajasini oshirish maqsadida mental arifmetika hamda ingliz tili to`garaklarini tashkil etishni rejalashgan. Amalga oshirilayotgan ishlar esa muassasa tarbiyalanuvchilarini har tomonlama etuk va barkamol etib voyaga etkazishga xizmat qiladi.

Text to speech