Jizzax viloyati hokimligida xalq deputatlarining navbatdagi sessiyasi o`tkazildi
Jizzax viloyati hokimligi majlislar zalida xalq deputatlari Jizzax
viloyati kengashining navbatdagi ellik birinchi sessiyasi o`tkazildi. Xalq
deputatlari Jizzax viloyati kengashi raisi, viloyat hokimi Ergash Saliev olib
borgan sessiya kun tartibidagi masalalar qatori viloyat ichki ishlar organlari
tomonidan o`tgan 2023 yilda jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok
etuvchi sub’ektlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yo`l qo`yilgan
kamchiliklar to`g`risida viloyat IIB boshlig`i o`rinbosari, podpolkovnik
Rahmatulla Bo`rievning hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanishicha, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida
mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish maqsadida huquqbuzarliklar
sodir etish yoki undan jabrlanish mumkin bo`lgan shaxslarning muammolarini
“mahalla beshligi” bilan hamkorlikda hal etish yo`lga qo`yildi. Olib borilgan
profilaktik tadbirlar natijasida viloyatdagi 308 ta mahallaning 158 tasida yoki
51,3 foizida birorta ham jinoyat sodir etilmagan, 28,9 foizida esa kamayishiga
erishildi.
Bundan tashqari viloyatdagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan yoshlarning
ijtimoiy-iqtisodiy muammolari o`rganilib “qizil” toifaga kiritildi va 700
nafarga yaqini ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirildi. Ular bilan
uchrashuvlarda ko`tarilgan masalalarning 98 foizi hal qilindi. Ma’ruzachi,
shuningdek yoshlar, voyaga etmaganlar, xotin-qizlar jinoyatchiligi, uning
oldini olish yuzasidan ko`rilgan choralar, shu qatorda kelgusida
jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish
yuzasidan “mahalla ettiligi” ishchi
guruh imkoniyatlaridan to`g`ri va unumli foydalanish, hududlarning o`ziga xos
xususiyatlari asosida mahallallarni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirishga
qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni ma’lum qildi.
Sessiyada mamlakatimiz Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo`llarida
inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o`lim holatlarini keskin
kamaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi va 2022 yil 12 iyuldagi “2022—2026
yillar davomida amalga oshirilishi mo`ljallangan “Xavfsiz va ravon yo`l”
umummilliy dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qarorlarining ijrosi yuzasidan
viloyat IIB JXX YHXB boshlig`i, podpolkovnik Murodbek Sherlievning axboroti
eshitildi.
Sessiya kun tartibidagi 11 ta masalani
deputatlar atroflicha muhokama qilishib, tegishli qarorlar qabul qilishdi.