Jizzaxda ichki ishlar faxriylari yo’qlandi
Jizzax viloyati IIB tomonidan O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan qator tadbirlar o’tkazilmoqda. Xususan, umrini elu yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishdek mashaqqatli va sharafli ishga baxshida etib, bugunda yaqinlari qurshovida umrguzaronlik qilayotgan faxriylar holidan xabar olindi.
Jizzax viloyati IIB tomonidan iste’fodagi podpolkovnik Alisher O’rolov hamda iste’fodagi starshina Marat Inamovlarning xonadoniga borilib bayram sovg’alari topshirildi. SHuningdek, viloyat IIB tibbiyot bo’limi xodimlari tomonidan faxriylarning salomatligi tekshiruvdan o’tkazildi.
Suhbat chog’ida IIO tizimida olib borilayotgan islohotlar, xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar ma’lum qilindi. Qo’lga kiritilayotgan yutuqlar e’tirof etildi. Faxriylarning boy tajribasi yosh xodimlar uchun iborat maktabi ekanligi qayd etildi. SHu qatorda faxriy ustozlar mamlakatimizda Ichki ishlar organlari xodimlari Vatan xizmatiga kamarbasta bo’lishi, o’z ustida tinimsiz ishlashlari, asosiysi xalqqa va Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni o’zining “muqaddas burchi”- deb bilishi lozimligini ta’kidlashdi.
Ezgulikka yo’g’rilgan tadbiri davomida soha faxriylari e’tibordan mamnun holda qo’llarini duoga ochib, yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi abadiy bo’lishini tiladilar.
Bu kabi xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati