26 Noyabr 2021 yil 620

Jizzaxda “Yangi O’zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo’lib o’tdi

Jizzax shahridagi musiqali drama teatrida “Yangi O’zbekiston - yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida ichki ishlar organlari faxriylari, yosh xodimlar, IIV Jizzax akademik litseyi o’quvchilari hamda oliy o’quv yurtlari talabalari ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Tadbirda respublika IIV akademiyasi boshlig’ining maslahatchisi, general-leytenant Bahodir Matlyubov, IIV faxriylar kengashi a’zolari, general-mayor Raim Karimov hamda polkovnik Avaz Azizxo’jayevlar davlatimiz rahbari boshchiligida aholi turmush farovonligini oshirish, shuningdek tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar to’g’risida atroflicha to’xtaldilar.

Chunonchi, sohaga oid qonunchilikni mustahkamlash, tizim moddiy-texnik bazasini kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni qo’llash borasidagi o’zgarishlar tilga tilga olindi. Mustaqil respublikamizda ichki ishlar organlarining tashkil etilishi hamda sohaning taraqqiyot bosqichlari haqida so’z yuritildi. “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash kabi masalalarga oid tavsiyalar bildirildi. Mamlakatimizda yoshlarning bilim olishlari va kasb-hunar egallashlari hamda bandlikni ta’minlash bo’yicha yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar xususida mulohazalar yuritilib, ular Vatanga shijoat va sadoqat bilan xizmat qilishga chaqirildi.

Xuddi shunday, qonunubuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda xorij tajribalarini joriy etish yuzasidan fikrlar bayon qilindi. Uchrashuvda IIV akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov ichki organlari xodimlarini o’qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi  chora-tadbirlar xususida chiqish qildi.

Muloqotlar davomida IIV akademiyasi boshlig’ining maslahatchisi, general-leytenant Bahodir Matlyubovning “O’zbekistonda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash tarixi” kitobining taqdimoti uyushtirildi. Shundan so’ng mazkur kitob nusxalari Jizzax viloyati IIB, Jizzax shahridagi oliy o’quv yurtlari, IIV Jizzax akademik litseyi mas’ullari hamda faxriylar, faol xodimlar, talaba va o’quvchilarga topshirildi.

Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov so’zga chiqib, so’nggi yillarda viloyat ichki ishlar organlari tizimida ro’y bergan o’zgarishlar hamda jinoyatchilikni jilovlash borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida yoshlar faxriylardan o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech